Yangi Pirelli Cyber Tyre shinalari Mercedes-AMG GT63 S elektronikasidan «aqlliroq» chiqdi: sinov
Pirelli avtomobil elektronikasiga maʼlumot uzatib, uning tizimlarini sozlashga yordam beradigan oʻrnatilgan sensorli Cyber Tyre shinalarini chiqarishga tayyorlanmoqda.

Pirelli oʻrnatilgan sensorga ega Cyber Tyre shinalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga tayyorlanmoqda. Ishlanma 25 yil davomida yaratildi, uning samaradorligi esa Mercedes-AMG GT63 S ishtirokidagi poyga trassasida sinovdan oʻtkazildi.
Miniatyura sensor protektor ostiga oʻrnatilgan va 13 gramm ogʻirlikka ega. U rezina korpus ichiga joylangan boʻlib, harorat oʻzgarishlari, shinaning doimiy deformatsiyasi va yuqori ortiqcha yuklamalarga bardosh beradi. Batareya shinaning butun xizmat muddati davomida ishlashi kerak.
Sensor real vaqt rejimida shinaning yoʻl bilan tutashuv joyidagi bosim, harorat, tezlanish va yuklamalarni oʻqiydi. Keyin maʼlumotlar avtomobilni boshqarish blokiga yuboriladi. U ABS, tortish nazorati, barqarorlashtirish tizimi va haydovchiga yordam beruvchi tizimlar ishini tuzatishi mumkin. Cyber Tyre rezina turini ham taniydi: yozgi shinalar qishki shinalarga almashtirilganda, elektronika ularning oʻzgargan xususiyatlarini hisobga olishi kerak.
Pirelli tizim imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Sensor protektor yeyilishini kuzatishi, akvaplaning xavfidan ogohlantirishi va yoʻl holati haqidagi maʼlumotlarni shahar infratuzilmasi xizmatlariga uzatishi mumkin.
Sinov vaqtida Mercedes-AMG GT63 S gʻildiraklariga Cyber Tyre shinalari oʻrnatildi. 64 km/soat tezlikdan burilishda keskin tezlanish paytida elektronika navbatma-navbat yozgi va qishki shinalarga moslab sozlandi, shuningdek Cyber Tyre avtomatik rejimiga oʻtkazildi. Birinchi holatda tizimlar motor imkoniyatlarini haddan tashqari chekladi, ikkinchi holatda esa gʻildiraklar sirpana boshladi. Avtomatik rejim keraksiz sirpanishlar va elektronika aralashuvisiz tezlikni oshirishni taʼminladi. Bundan tashqari, shinalar standart ABS qoʻllangandagiga qaraganda tormoz masofasini 90 sm ga qisqartirdi.



