Amazon «Manchester Yunayted» haqidagi hujjatli serial uchun kutilmaganda dramatik mavsumga ega boʻldi
Klubdagi inqiroz, Maykl Kerrikning ishdan boʻshatilishi va Maurisio Pochettinoning ehtimoliy tayinlanishi Prime Video loyihasini ayniqsa qiziqarli qilishi mumkin.

Amazon «Manchester Yunayted»ning 2026/27-mavsumiga bagʻishlangan hujjatli serialni suratga olmoqda. Klub rahbariyatiga yaqin manbalar xabariga koʻra, kompaniya voqealar qanday rivojlanayotganidan ayniqsa mamnun: jamoa APLda 18-oʻrinda bormoqda, 12-noyabr kuni esa Maykl Kerrik bosh murabbiy lavozimidan ishdan boʻshatildi. Uning oʻrnini AQSh terma jamoasining amaldagi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino egallashi mumkin.
Xabarlarga koʻra, klub loyihadagi ishtiroki uchun taxminan 15 mln funt oladi. «All or Nothing» guruhi kameralariga, jumladan, «Old Trafford» stadionining kiyinish xonasiga ham kirishga ruxsat berilishi kerak. Sobiq murabbiy Ruben Amorim suratga olish ishlariga qarshi chiqqan, Kerrik esa manbalar maʼlumotiga koʻra, bundan mamnun boʻlmasa-da, rahbariyat qarorini qabul qilgan.
Endi futbolchilar va klub xodimlari sahna ortida yuz berayotgan voqealarni oxir-oqibat tomoshabinlar koʻrishini tushunib turibdi. The Telegraph suhbatdoshlaridan biri Amazonni «Yunayted»ning joriy mavsumidagi yagona gʻolib deb atadi.



