Olimlar Quyoshning bir nechta hududida chaqnash faolligi kuchayganini maʼlum qildi
Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar instituti Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi 18 noyabr kuni bir nechta dogʻlar guruhida Quyosh chaqnashlari soni oshganini maʼlum qildi. Mutaxassislar bu tendensiya saqlanib qolsa, yanada kuchli hodisalar yuzaga kelishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Laboratoriya kuzatuvlariga koʻra, 4572, 4576, 4577, 4578, 4579 va 4581 raqamli oltita faol hududda chaqnashlar qayd etilgan. Bir nechta guruhdagi bir vaqtdagi faollik hozirgi vaziyatni noyabrdagi avvalgi faollik kuchayishidan farqlaydi: oʻshanda asosiy rolni bitta hudud oʻynagan.
Tadqiqotchilar yuz berayotgan jarayon Quyosh faolligining kengroq miqyosda oshayotganidan darak berishi mumkin, deb hisoblaydi. Biroq yakuniy xulosa chiqarish uchun keyingi kuzatuvlar zarur: hozircha qayd etilgan hodisalarning asosiy qismi kuchsiz va oʻrtacha darajadagi chaqnashlarga toʻgʻri keladi.
Ayni paytda Yer yaqinida Quyosh shamoli kuchaydi. Uning tezligi taxminan 300 dan 400 km/s gacha oshdi va bu geomagnit bezovtaliklarning koʻpayishi bilan kechdi. Xabar berilgan paytda bu oʻzgarishlar magnit boʻroni boshlanishi uchun yetarli emas edi.
Laboratoriya 18 noyabr uchun bergan prognozida Yer magnit maydonida oʻrtacha darajadagi bezovtaliklar boʻlishi mumkinligini qayd etgan va magnit boʻroni ehtimolini kichik deb baholagan. Mutaxassislar xabariga koʻra, yangi seriyadagi chaqnashlar hozircha Yerga sezilarli taʼsir koʻrsatmagan.



