Huawei ilk bor buklanadigan Mate X8 smartfonini har tomondan namoyish etdi
Kompaniya yangi qurilmani buklangan va ochilgan holatda koʻrsatib, uning dizayn xususiyatlarini ochib berdi.

Huawei Mate X turkumining sakkiz yilligiga bagʻishlangan reklama roligini taqdim etdi. Unda buklanadigan Mate X8 smartfoni ilk bor namoyish qilindi. Qurilma buklangan va ochilgan holatda har ikki tomondan koʻrsatildi.
Yangi model ichkariga buklanadigan ekran konstruksiyasi hamda orqa paneldagi katta dumaloq kamera blokiga ega. Tashqi koʻrinishiga koʻra, smartfon avvalgi Mate X7 modelining dizayn konsepsiyasini davom ettiradi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, tashqi displey diagonali taxminan 6,5 dyuym, ichki displey diagonali esa 8,15 dyuymni tashkil etadi. Shuningdek, UTG oʻta yupqa himoya oynasidan foydalanilishi kutilmoqda. Taxmin qilinayotgan komponentlar qatorida Kirin 9050 Pro protsessori ham tilga olinmoqda.
Oqishlarga koʻra, Mate X8 tezkor xotirasi 12 yoki 16 GB boʻlgan ikki xil versiyada chiqariladi, ichki xotira hajmi esa 1 TB gacha boʻladi. Smartfon besh xil rang variantida taqdim etilishi kutilmoqda. Qurilmaning rasmiy texnik xususiyatlari va narxi hozircha eʼlon qilinmagan.



