Olimlar chuqur dengiz tubidagi toshlar ichidan 4 mingdan ortiq hayvonni aniqladi
Tadqiqotchilar Tinch okeanidagi polimetallik konkretsiyalarda yashirin ekotizimlarni aniqladi. Chuqur dengiz tubidan foydali qazilmalarni qazib olish ishlari bu ekotizimlarga zarar yetkazishi mumkin.

Xalqaro ilmiy guruh Tinch okeanidagi Klarion-Klipperton zonasidan olingan 244 ta polimetallik konkretsiyani oʻrganib, ularning ichidan 4139 ta hayvonni aniqladi. Bitta jins namunasiga oʻrtacha 17 ta organizm toʻgʻri kelgan, biroq tadqiqotchilar bir namunada birdaniga 245 ta individni topgan. Aniqlangan mavjudotlarning aksariyati bir millimetrdan kichik.
Tahlil natijalari konkretsiyalar ichidagi yoriq va boʻshliqlar alohida yashash muhitini shakllantirishini koʻrsatdi. Bu muhitda yashaydigan organizmlar atrofdagi tub choʻkindilarida uchraydigan jamoalardan sezilarli darajada farq qiladigan guruhlarni hosil qiladi. Ayrim jamoalar hatto 1000 kilometrgacha boʻlgan masofada ham oʻxshashligini saqlab qoladi.
Olimlar chuqur dengiz tubidan nikel, kobalt va mis qazib olish bunday yashash muhitlarini yoʻq qilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Polimetallik konkretsiyalar millionlab yillar davomida shakllangani sababli, yoʻqolgan ekotizimlarning yaqin kelajakda qayta tiklanishi deyarli imkonsiz.
Tadqiqot natijalari Scientific Reports jurnalida eʼlon qilindi.



