RUUZEN
Oʻyinlar

GTA 6 barcha konsollarda 30 FPS tezlikda ishlaydi, biroq PS5 Proʻda yaxshilangan grafika taqdim etadi

Rockstar Games Grand Theft Auto VI barcha konsollarda soniyasiga 30 kadr tezligiga moʻljallanganini tasdiqladi. Shu bilan birga, PlayStation 5 Pro versiyasida nurlarni kuzatish texnologiyasi uchun qoʻshimcha yaxshilanishlar boʻladi.

11-noyabr, 17:51По-русски

Read in English

Ishlab chiquvchilarning soʻzlariga koʻra, oʻyin hozirgi avlod konsollari uchun maxsus ishlab chiqilgan va 30 FPS tezlikka moʻljallangan. Bunday yondashuv Leonida dunyosining, jumladan, uning muhiti va aholisining yuqori darajadagi tafsilotlarini saqlab qolish imkonini beradi. Biroq gap kafolatlangan emas, balki moʻljallangan kadrlar tezligi haqida bormoqda. Shu sababli yuqori yuklama tushadigan sahnalarda tezlik pasayishi mumkin.

PS5 Proʻda mavjud boʻladigan nurlarni kuzatish texnologiyasining qoʻshimcha imkoniyatlari soyalar sifatini yaxshilab, ularni yanada tabiiy va batafsil koʻrsatadi. PS5’ning har ikkala versiyasi egalari DualSense kontrollerining taktil qayta aloqasi va Tempest 3D Audio fazoviy ovoz tizimidan ham foydalanishlari mumkin boʻladi. Rockstarʼning taʼkidlashicha, ushbu imkoniyatlar hamda yuklanish vaqtining qisqarishi tufayli GTA 6 PlayStation 5 konsollarida eng yaxshi ishlaydi.

Oʻyin Xbox One ham kiradigan barcha Xbox konsollarida Xbox Cloud Gaming orqali ham foydalanish uchun taqdim etiladi. Biroq bulut orqali ishga tushirilganda Xbox Series S uchun moʻljallangan grafik sozlamalaridan foydalaniladi, ulanish sifati va boshqa texnik omillar esa unumdorlikka taʼsir qilishi mumkin.

Bundan tashqari, GTA 6 chiqqanidan keyin uni PlayStation va Xbox konsollarida Remote Play orqali ishga tushirish mumkin boʻladi. Oʻyinning relizi 2026-yil 19-noyabrga rejalashtirilgan.