ESA Yerning magnit qalqonini oʻrganish uchun yetti yoʻldoshli missiyani tanladi
ESA Plasma Observatoryni navbatdagi oʻrta toifadagi ilmiy missiya sifatida tanladi. Yetti apparat magnitosferani oʻrganadi, biroq loyiha hali rasmiy tasdiqlanishi kerak.

Missiya tarkibiga yetti apparat kiradi. Ular bir vaqtning oʻzida magnitosferaning turli hududlaridagi magnit va elektr maydonlari, shuningdek, zaryadlangan zarrachalar oqimini oʻlchaydi. Bu energiyaning bir necha kilometrdan oʻn minglab kilometrgacha boʻlgan koʻlamlarda koʻchishini kuzatish imkonini beradi.
Plasma Observatory tezkor plazma jarayonlari Yer magnitosferasidagi yirik oʻzgarishlar bilan qanday bogʻliqligini koʻrsatishi kerak. ESAning avvalgi Cluster missiyasi toʻrtta yoʻldoshdan iborat boʻlib, bir paytda faqat bitta fazoviy-vaqt koʻlamini oʻrgana olgan. Yangi guruh maʼlumotlarni yetti nuqtada toʻplaydi va mahalliy hodisalarni butun tizimdagi oʻzgarishlar bilan taqqoslaydi.
Plazma zaryadlangan zarrachalardan iborat. Quyosh shamoli uni Yer tomon olib keladi; u yerda plazma sayyoraning magnit maydoni bilan oʻzaro taʼsirlashib, tabiiy himoya qalqoni — magnitosferani hosil qiladi. Bunday jarayonlar qutb yogʻdulari bilan bogʻliq, kuchli hodisalar paytida esa yoʻldoshlar va energetika infratuzilmasi ishini buzishi mumkin.
Missiya Voyage 2050 dasturidagi birinchi missiya boʻladi. Loyihani tanlash jarayoni 2021 yilda boshlangan, endi esa u rasmiy tasdiqlanishi hamda ishlab chiqish va qurilish bosqichlariga oʻtishi kerak. Uchirish 2030-yillarning oxiriga moʻljallangan.



