Also kompaniyasi dasturiy xatolar sabab elektr velosipedlarini yetkazib berishni toʻxtatdi
Rivian kompaniyasidan ajralib chiqqan startap batareyalar va dasturiy taʼminotdagi muammolar sabab TM-B elektr velosipedlarini yetkazib berishni vaqtincha toʻxtatdi.

Also kompaniyasi zaryadlash bilan bogʻliq muammolarni ham oʻz ichiga olgan dasturiy xatolar aniqlangach, TM-B Launch Edition elektr velosipedlarini yetkazib berishni toʻxtatganini maʼlum qildi. Egalari kutish rejimida akkumulyatorlarning tez zaryadsizlanishi va zaryadlash qurilmasiga ulanishdagi nosozliklar haqida xabar bermoqda.
Ayrim hollarda batareya quvvati bir necha kun ichida 70 foizdan 40 foizgacha yoki undan ham pastga tushgan. Foydalanuvchilar tizim ogohlantirishlariga ham duch kelgan, velosiped esa oʻrnatilgan akkumulyatorni tanimay qoʻygan. Shu sababli zaryadlash imkonsiz boʻlgan.
Kompaniya nosozliklarni bartaraf etishi kerak boʻlgan proshivka yangilanishi ustida ishlamoqda. Shu sababli xaridorlarga yetkazib berish muddatlari kechikadi, Performance Edition versiyasini ishlab chiqarishga oʻtish ham rejalashtirilganidan kechroq amalga oshiriladi. Also vaziyat yuzasidan navbatdagi xabarni 24 noyabrda eʼlon qilishga vaʼda berdi.
TM-B pedal boshqaruvi sim orqali amalga oshiriladigan tizim bilan jihozlangan: pedallar va gʻildirak oʻrtasida mexanik aloqa yoʻq. Pedallar akkumulyatorni zaryadlaydigan generatorni ishga tushiradi, orqa gʻildirakni esa alohida elektr motori aylantiradi. Sigʻimi 538 va 808 Vt·soat boʻlgan batareyalar USB-C orqali zaryadlanadi, eʼlon qilingan yurish masofasi esa 160 km gacha yetadi.
Startap velosiped yordamida avtomobil oʻrnini bosmoqchi boʻlgan odamlarni jalb etishga umid qilmoqda. Buning uchun u navigatsiya, audiofunksiyalar, texnik xizmat koʻrsatish xarajatlarini kamaytirish va bolalarni tashish imkoniyatini taklif qilmoqda.



