YI ijtimoiy tarmoqlardan ortiqcha foydalanishga undovchi funksiyalarni oʻchirishni talab qilmoqchi
YI ijtimoiy tarmoqlar kattalarga ortiqcha foydalanishga undovchi funksiyalarni oʻchirish imkonini berishini va shaxsiy munosabatlarni taqlid qiluvchi chatbotlarni cheklashni rejalashtirmoqda.

Bloomberg maʼlumotiga koʻra, yangi talablar Meta, Google va TikTok egasi ByteDance kompaniyalariga taalluqli boʻlishi mumkin. Yevrokomissiya qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan dizayndan foydalanishda gumon qilib, Meta va TikTokʼni allaqachon tekshirmoqda. Tergovlar «Raqamli xizmatlar toʻgʻrisidagi qonun» doirasida olib borilmoqda.
«Raqamli adolat toʻgʻrisidagi qonun» loyihasi kattalarga platformalardan oʻzini tiya olmay yoki haddan tashqari foydalanishga undovchi funksiyalarni mustaqil ravishda oʻchirish imkonini berishni nazarda tutadi. Cheklovlar shaxsiy munosabatlarni taqlid qiluvchi va muloqotni davom ettirishga undovchi AI-chatbotlarga ham tatbiq etilishi mumkin. Bu talablarni buzgan kompaniyalarga jahon miqyosidagi yillik tushumining 6 foizigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi ijtimoiy tarmoqlar va AI ishlab chiquvchilari sukut boʻyicha xavfsiz sozlamalarni taʼminlashini istamoqda. Bu qoidalarni oʻsmirlar uchun ham cheklovlarni nazarda tutuvchi «Internetda bolalarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun»ga kiritish rejalashtirilgan.
Digital Fairness Act loyihasini chorshanba kuni taqdim etish rejalashtirilgan. Yevrokomissiya hozircha uning mazmuniga izoh bermadi.



