Sunʼiy intellekt qovuq saratoni belgilarini tashxisdan yillar oldin aniqladi
Olimlar qariyb 70 000 bemor maʼlumotlarida qovuq saratonining 85 foiz holatini aniqlagan sunʼiy intellekt modelini ishlab chiqdi; u kasallik signallarini tashxisdan bir necha yil oldin aniqladi.

Plymut universiteti olimlari elektron tibbiy kartalarni tahlil qilish va qovuq saratonini erta aniqlash uchun PRECISE-AGZ modelini yaratdi. Tadqiqot qariyb 70 000 bemorni hamda 1995-yildan 2020-yilgacha boʻlgan 25 yillik maʼlumotlarni qamrab oldi.
Tizim chekish, jismoniy faollik, dorilar, alomatlar va boshqa kasalliklarni oʻz ichiga olgan 48 261 ta ehtimoliy koʻrsatkichni tekshirib, eng foydali 38 ta belgini ajratdi. Model saraton bilan kasallangan bemorlarning 85 foizini, kasalligi boʻlmaganlarning esa 91 foizini toʻgʻri aniqladi va tekshiruvga yoʻllash boʻyicha NHSning amaldagi tavsiyalaridan ustun keldi.
Sunʼiy intellekt kasallik belgilarini rasmiy tashxisdan 12 oy oldin aniqlagan, ayrim signallar esa besh yil davomida kuzatilgan. Bemorlar kasallik ehtimoliga koʻra ham guruhlarga ajratildi: past — 7 foizdan kam, noaniq — 7–55 foiz, yuqori — 55 foizdan ortiq.
Natijalar qovuqni kamera yordamida koʻzdan kechirishga imkon beradigan invaziv muolaja — sistoskopiya uchun bemorlarni aniqroq tanlashga yordam berishi mumkin. Biroq model hali klinik amaliyotga tayyor emas: barcha maʼlumotlar Uelsdagi SAIL bazasidan olingan, shu bois uni boshqa populyatsiyalar va tibbiy tizimlarda ham tekshirish kerak.



