Rux-yod batareyasi 2 000 sikldan soʻng sigʻimining 94 foizini saqlab qoldi
UCL tadqiqotchilari minglab sikllardan soʻng deyarli dastlabki sigʻimini saqlab qolgan suvli rux-yod batareyasini ishlab chiqdi. Hozircha texnologiya faqat laboratoriyada sinovdan oʻtkazildi.

Ishlanmaning asosiy elementi yangi elektrolit boʻldi. U yoddan samaraliroq foydalanishga yordam beradi: odatiy yod kimyosida reaksiyalarda ikkita elektron ishtirok etsa, bu yerda toʻrtta elektronni ishga solishning uddasidan chiqildi. Bu bir xil miqdordagi faol materialdan olinishi mumkin boʻlgan energiya hajmini oshiradi.
Batareya ishlaganda yodning faol shakllari hosil boʻladi. Ular suv bilan nomaqbul reaksiyalarga kirishib, tizimga zarar yetkazishi mumkin. Ilgari yodni barqarorlashtirish uchun galogenlar qoʻshilgan konsentrlangan elektrolitlardan foydalanilgan, biroq bunday eritmalar qimmat va amaliy qoʻllash uchun haddan tashqari agressiv edi.
UCL tadqiqotchilari ishlab chiqqan tarkibda ayrim molekulalar suvning yod bilan tegishishini cheklaydi, boshqalari esa uning faol shakllarini bogʻlaydi. Shu tariqa tadqiqotchilar avvalgi konsentrlangan va korrozion eritmalarsiz kimyoviy jarayon samaradorligini oshirdi.
Texnologiya yassi paketli elementlar va kichik, tabletka shaklidagi batareyalarda sinovdan oʻtkazildi. Ayrim sinovlarda rux-yod elementlari bir necha ming marta zaryadlash va razryadlashdan soʻng dastlabki sigʻimining deyarli barchasini saqlab qoldi.
Ishlanma elektr energiyasini saqlash tizimlarida litiy-ion akkumulyatorlariga muqobil boʻlishi mumkin boʻlgan yechim sifatida koʻrilmoqda. Bunday qurilmalar quyosh va shamol elektr stansiyalarida hosil boʻlgan ortiqcha energiyani toʻplashi hamda ishlab chiqarish kamayganda uni tarmoqqa qaytarishi mumkin. Elektrolit tarkibini alyuminiy-yod batareyalariga moslashtirish ham ehtimol mumkin.
Tijoriy qoʻllashgacha hali ancha bor: natijalar laboratoriyada olingan. Tadqiqotchilar texnologiyani kattaroq tizimlarda va energetika obyektlarining ish sharoitlariga yaqin yuklamalarda sinovdan oʻtkazishi kerak.



