Anthropic Pokémonʼdan sunʼiy intellekt loyihalarida foydalanishni chekladi, bu muxlislik oʻyini ishlab chiquvchisining noroziligiga sabab boʻldi
Mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallardan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar sabab Claude Pokémonʼlarning rasmiy tasvirlaridan foydalanadigan loyihalar bilan ishlashdan bosh torta boshladi.

Pokémon Arena 2D muxlislik oʻyini ishlab chiquvchisi Anthropicʼning Claude modellari uchun joriy etilgan yangi cheklovlardan shikoyat qildi. Loyiha muallifi Big Kid Nationʼning soʻzlariga koʻra, neyron tarmoq Pokémonʼlarning rasmiy tasvirlari va dizaynlaridan foydalanish bilan bogʻliq vazifalarni bajarishdan bosh torta boshlagan.
Ishlab chiquvchining aytishicha, u oʻyinni yaratishga qariyb ikki yil sarflagan, loyiha xarajatlari esa oyiga 2000 dollargacha yetgan. Shu bilan birga, u oʻz ishidan hech qanday daromad olmaganini taʼkidlaydi. Pokémon Arena 2D — pikselli grafika va arenalarda real vaqt rejimidagi janglarga ega bepul oʻyin.
Big Kid Nation kod yozish uchun sunʼiy intellekt vositalaridan foydalangan, biroq ishlab chiqish va testdan oʻtkazish ishlarini oʻzi bajargan. Jumladan, muvozanat bilan bogʻliq muammolarni aniqlash uchun janglarni simulyatsiya qilish maqsadida kompyuterni tuni bilan yoqib qoldirgan.
Endi Claudeʼga qoʻyilgan cheklovlar loyiha ustidagi keyingi ishlarni qiyinlashtirishi mumkin. Ishlab chiquvchi, shuningdek, Nintendoʻni franshiza muxlislari kutayotgan Pokémon haqidagi katta koʻlamli oʻyinni yaratishga chaqirdi.
Seriyaning navbatdagi rasmiy relizlari Pokémon Winds va Waves boʻladi. Har ikkala oʻyin ham kelasi yili faqat Nintendo Switch 2 uchun chiqarilishi kerak.



