Amazon $249,99 ga uchuvchi kuzatuv kamerasi Ring Drone Camʼni taqdim etdi
Qurilma uyni mustaqil ravishda patrullaydi, toʻsiqlarni aylanib oʻtadi va sensorlar signali orqali shubhali faollikni tekshiradi.

Amazon sunʼiy intellektga ega, uy ichida mustaqil harakatlana oladigan uchuvchi kuzatuv kamerasi — Ring Drone Camʼni taqdim etdi. Qurilma mebel va boshqa toʻsiqlarni aylanib oʻtadi, eshik hamda derazalarni tekshiradi, ulangan sensorlar yoki signalizatsiya ishga tushganda esa belgilangan nuqtaga uchib boradi.
Egasi dronni mustaqil boshqarishi, yoʻnalishlar tuzishi va jadval asosida patrullashni sozlashi mumkin. Kamera 2K aniqlikda tasvirga oladi va qorongʻida ishlash uchun yoritish moslamasi bilan jihozlangan. Parvozlar oraligʻida qurilma zaryadlash stansiyasiga qaytadi, u yerda kamera butunlay oʻchadi.
Ring Drone Camʼning narxi $249,99 boʻladi. AQShda sotuvlar 2027-yil 27-yanvarga rejalashtirilgan. Shu bilan birga, avtomatik patrullashni ham oʻz ichiga olgan ayrim funksiyalar Ring Protect obunasini talab qiladi.
Amazon dron bilan birga $999,99 turadigan Ring Rover Camʼni ham taqdim etdi. Bu doʻkonlar va ofislar uchun moʻljallangan gʻildirakli qoʻriqlovchi robot boʻlib, signalizatsiya ishga tushganda tekshiruv uchun mustaqil ravishda harakatlanadi, shuningdek, sirena va yorugʻlik signallarini yoqishi mumkin. Uni yetkazib berish 2026-yil 16-dekabrdan boshlanadi.
Uy uchun uchuvchi kamera gʻoyasi yangi emas: Ring 2020-yildayoq shunga oʻxshash Always Home Cam qurilmasini namoyish etgan, biroq u ommaviy savdoga chiqmadi.



