Oʻzbekistonda narxlar va inflyatsiya haqidagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi NarxStat platformasi ishga tushirildi
Yangi servis oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilgʻi va uy-joy narxlarini kuzatish, shuningdek, inflyatsiyani mustaqil tahlil qilish imkonini beradi.

Oʻzbekiston Milliy statistika qoʻmitasi mamlakatdagi narxlar dinamikasi haqidagi maʼlumotlardan ochiq foydalanish uchun moʻljallangan NarxStat raqamli servisini taqdim etdi. Platforma allaqachon narx.stat.uz manzilida ishlamoqda.
Resursda isteʼmol narxlarining oʻzgarishi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilgʻi narxlari haqidagi maʼlumotlar jamlangan. Axborot hududlar va tumanlar kesimida taqdim etiladi, bu mamlakatning turli qismlaridagi narxlar holatini taqqoslash imkonini beradi.
Alohida boʻlimlar uy-joy narxlari va sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari narxlariga bagʻishlangan. Bundan tashqari, foydalanuvchilar inflyatsiya va isteʼmol xarajatlarini hisoblash vositalaridan foydalanishi mumkin.
Olingan maʼlumotlarni CSV va JSON formatlarida yuklab olish, shuningdek, API orqali bevosita olish mumkin. Bu imkoniyatlardan foydalanish uchun oldindan roʻyxatdan oʻtish talab etilmaydi.



