RUUZEN
Sunʼiy intellekt

Bir IT kompaniyasida kodning 90 foizidan koʻprogʻini sunʼiy intellekt yozmoqda, biroq tajribali dasturchilarga talab oshmoqda

CIQ kompaniyasi sunʼiy intellekt dasturiy taʼminot ishlab chiqishni tezlashtirganini, biroq kompaniya hanuz malakali muhandislar yetishmovchiligiga duch kelayotganini maʼlum qildi.

16-noyabr, 15:04По-русски

Read in English

Amerikaning CIQ kompaniyasida dasturiy kodning 90 foizidan koʻprogʻini allaqachon sunʼiy intellekt yaratmoqda. Bu haqda kompaniya prezidenti Byorn Hovland dasturiy taʼminot ishlab chiqish kelajagiga bagʻishlangan The Great Coding Reset tadbirida soʻzlab berdi.

Yuqori darajadagi avtomatlashtirishga qaramay, kompaniya kutilgan muammoning aksi — muhandislar yetishmovchiligiga duch keldi. Biroq CIQ boshlangʻich darajadagi dasturchilarni deyarli ishga olmaydi, besh yildan oʻn yilgacha tajribaga ega mutaxassislarga ustunlik beradi.

Buning sababi shundaki, sunʼiy intellekt katta hajmdagi kodni yaratishi mumkin, ammo uning ishlashi va xavfsizligini tekshirish hamon odamlar zimmasida. CIQ asoschisi Gregori Kurtzer ham sunʼiy intellekt yordamida Linux bilan mos keladigan operatsion tizim yadrosini atigi 11 kunda yaratganini aytdi.

Kompaniya rahbarlarining fikricha, sunʼiy intellekt bilan samarali ishlay oladigan va dasturiy tizimlarning tuzilishini chuqur tushunadigan dasturchilar ancha unumdor boʻlib bormoqda. Shu bilan birga, yangi vositalardan voz kechish kasbiy jihatdan ortda qolishga olib kelishi mumkin.

Biroq kompaniyalarning kichik tajribaga ega mutaxassislarni ommaviy ravishda ishga olishdan bosh tortishi boshqa bir muammoni keltirib chiqarmoqda: agar yangi mutaxassislarning ilk kasbiy tajribani orttirish imkoniyatlari kamayib ketsa, kelajakda tajribali muhandislar qayerdan paydo boʻladi?