Microsoft Bing qidiruvida sunʼiy intellekt funksiyalarini oʻchirish uchun kengaytma chiqardi
Endi Edge va Chrome foydalanuvchilari Bing qidiruv natijalaridagi sunʼiy intellekt xulosalari va chatni yashirishlari mumkin.

Microsoft Edge va Google Chrome brauzerlari uchun Bing qidiruv tizimidagi sunʼiy intellekt funksiyalarini oʻchirish imkonini beruvchi kengaytmani chiqardi. U orqali sunʼiy intellekt xulosalari va chatni yashirib, qidiruv natijalarining anʼanaviy koʻrinishiga qaytish mumkin.
Kengaytma oʻrnatilgach, brauzerda sunʼiy intellekt vositalarini yoqish va oʻchirish imkonini beruvchi tugma paydo boʻladi. Microsoft foydalanuvchilar qidiruv vaqtida bunday funksiyalar kerak yoki kerak emasligini oʻzlari hal qilishlari lozimligini tushuntirdi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, koʻpchilik har bir sessiya uchun qidiruv natijalari formatini tanlash imkoniyatiga ega boʻlishni xohlaydi.
Kengaytma ikkala brauzer uchun ham allaqachon mavjud. Biroq oʻrnatilgandan soʻng Bing avtomatik ravishda standart qidiruv tizimiga aylanadi. Sunʼiy intellektni oʻchirishning muqobil usuli — qidiruv soʻrovining oxiriga «-ai» operatorini qoʻshish. Ammo bu holda operatorni har safar qoʻlda kiritishga toʻgʻri keladi.



