RUUZEN
Avto

Mask olti–yetti yoʻlovchiga moʻljallangan rul va pedallarsiz Model Yʼni eʼlon qildi

Tesla olti–yetti kishini tashishga moʻljallangan, toʻliq avtonom boshqariladigan Model Y versiyasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Ilon Maskning aytishicha, avtomobilda rul va pedallar boʻlmaydi, u oilaviy va guruh boʻlib safarlarda ikki oʻrinli Cybercabʼni toʻldiradi.

19-noyabr, 11:40По-русски

Read in English

ixbt.com

Tesla rahbari kompaniya rejalari haqida 18-noyabr kuni New York Times DealBook sammitida videomuloqot orqali soʻzlagan. Uning taʼkidlashicha, sigʻimi kattaroq avtonom Model Y butun bir oila yoki kichik yoʻlovchilar guruhini tashiy oladi. Ishlab chiqarishni qachon boshlash, avtomobil narxi va salonning yakuniy joylashuvi haqida Mask maʼlumot bermadi.

Yangi modifikatsiya toʻliq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga tayanishi kerak. Rul va pedallarning yoʻqligi yoʻlovchilar avtomobilni odatdagi usulda mustaqil boshqara olmasligini anglatadi.

Mavjud Model Y avtomobillari qoʻlda boshqarish moslamalari bilan jihozlangan, FSD majmuasidan foydalanish esa haydovchining eʼtiborli boʻlishi va zarurat tugʻilganda boshqaruvga aralashishga tayyor turishini talab qiladi. Shu sababli eʼlon qilingan loyiha avtomobilning belgilangan foydalanish sharoitlarida barcha haydash vazifalarini mustaqil bajarishga oʻtishini nazarda tutadi.

Tesla qatorida allaqachon rul va pedallarsiz ishlab chiqilgan, haydovchisiz tashuvlar uchun moʻljallangan ikki oʻrinli Cybercab mavjud. Kattaroq Model Y ikki oʻrindiq yetarli boʻlmaydigan safarlar uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.

Avvalroq Mask Cybercabʼning ikki oʻrinli joylashuvini avtomobil safarlarining taxminan 90 foizida bir yoki ikki kishi qatnashishi bilan izohlagan edi. Sigʻimi kattaroq model qolgan holatlarga — birga borish muhim boʻlgan oilalar va guruhlarni tashishga, avvalo, moʻljallangan.

Hozircha Tesla haydovchisiz Model Yʼning batafsil xususiyatlarini taqdim etmadi. Oʻrindiqlar qanday joylashtirilishi, dastlab qaysi bozorlarda chiqarilishi va undan foydalanishga qanday shartlarda ruxsat berilishi ham oshkor etilmagan. Maskning bayonoti kompaniya rejalarini tasvirlaydi; seriyali avtomobil qachon paydo boʻlishi nomaʼlum.