Microsoft PowerShell 7’ni Windows bilan birga yetkazib berishni boshlaydi
Buyruqlar qobigʻining zamonaviy versiyasi operatsion tizimning navbatdagi relizida paydo boʻladi, biroq avvalgi PowerShell 5.1 ishlashda davom etadi.

Microsoft PowerShell 7’ni Windows tarkibiga sukut boʻyicha kiritishga qaror qildi. Avval foydalanuvchilar buyruqlar qobigʻining bu versiyasini mustaqil ravishda oʻrnatishiga toʻgʻri kelardi, chunki tizim eskiroq Windows PowerShell 5.1 bilan yetkazib berilardi.
PowerShell 5.1 .NET Framework asosida yaratilgan va oʻn yildan ortiq vaqt davomida yangi funksiyalarga ega boʻlmagan. Undan farqli ravishda, PowerShell 7 — Microsoft faol rivojlantirishda davom etayotgan zamonaviy kross-platformali platforma.
Shu bilan birga, oʻtish avvalgi versiyadan voz kechishga olib kelmaydi. Har ikkala qobiq parallel ishlaydi: PowerShell 5.1’ga bogʻliq mavjud skriptlar, xizmatlar va avtomatlashtirish vazifalari oʻzgarishlarsiz ishlashda davom etadi. Foydalanuvchilar yangi versiyaga oʻzlari uchun qulay vaqtda oʻtishi mumkin.
Moslik masalalari hali ham toʻsiqlardan biri boʻlib qolmoqda. PowerShell 7’ni hozircha anʼanaviy MSI oʻrnatuvchisiga nisbatan ayrim cheklovlarga ega boʻlgan MSIX formatida tarqatish rejalashtirilmoqda. Microsoft bu muammolarni bartaraf etish ustida ishlamoqda, jarayonni GitHubʼda kuzatish mumkin.
Yangi qobiq Windowsʼning navbatdagi relizida paydo boʻladi, biroq kompaniya tizimning aniq versiyasini hozircha maʼlum qilmagan. Microsoft sentyabr oyida ham foydalanuvchilarga Graph modullari bilan ishlashda PowerShell 5.xʼdan voz kechib, zamonaviyroq versiyaga oʻtishni tavsiya qilgan.



