RUUZEN
Gadjetlar

Google Pixel Watchʼga yangi mashgʻulot, Gemini va smartfon orqali qulfdan chiqarish funksiyalarini qoʻshadi

Yangilanishni Pixel Watch 3 va undan yangi modellar oladi, ayrim imkoniyatlar esa yaqin haftalarda paydo boʻladi.

11-noyabr, 18:31По-русски

Read in English

ㅤ

Google Pixel Watch uchun navbatdagi yangilanishni taqdim etdi. U aqlli soat egalari uchun bir nechta yangi funksiyalarni qoʻshadi. Birinchi yangilik Wear OS 7 oʻrnatilgan Pixel Watch 3 va undan yangi modellarga tarqala boshlayapti. Foydalanuvchilar qadam-baqadam mashgʻulotlarni bajarishi, takrorlashlar soni va ishlatilgan ogʻirlikni qayd etishi, shuningdek, jismoniy koʻrsatkichlarini kuzatishi mumkin. Buning uchun soatda Google Healthʼning 4.12 yoki undan yangi, smartfonda esa 5.12 yoki undan yangi versiyasi kerak.

Yaqin haftalarda yana toʻrtta imkoniyat paydo boʻladi. Pixel Watch 3 va undan yangi modellar uzoq bildirishnomalar zanjiri hamda yozishmalarni avtomatik tarzda umumlashtira oladi. Buning uchun A seriyasi modellari bundan mustasno, Pixel 9 yoki undan yangi smartfon talab etiladi.

Pixel Watch 4 va undan yangi qurilmalarda shaxsiylashtirilgan axborot ekranlarini yaratish uchun Create My Widget paydo boʻladi. Pixel Watch 5 egalari kiruvchi qoʻngʻiroqlarni filtrlashi va ular haqida ingliz tilida qisqacha maʼlumot tayyorlashi mumkin boʻlgan Gemini Call Screen funksiyasiga ega boʻladi.

Yana bir yangilik yaqin atrofdagi smartfon yordamida Pixel Watchʼni qulfdan chiqarish imkonini beradi. Funksiya Pixel Watch 3 va undan yangi modellarda ishlaydi, undan foydalanish uchun soatni bilakka taqib yurish kerak boʻladi.