RUUZEN
Ilm-fan

Mask toʻqqizta dvigatel va qariyb 150 metr balandlikka ega Starship V4 haqida gapirdi

Starship raketasining keyingi versiyasi toʻliq yigʻilganda qariyb 150 metr balandlikka yetishi, uning yuqori bosqichiga esa oltita oʻrniga toʻqqizta dvigatel oʻrnatilishi mumkin, deb maʼlum qildi SpaceX rahbari Ilon Mask. Uning ilk parvozi 2027 yilda kutilmoqda.

17-noyabr, 11:04По-русски

Read in English

Maskning soʻzlariga koʻra, Starship V4 kemasining uzunligi qariyb 70 metr boʻladi, yoqilgʻi zaxirasi esa 60 foizdan koʻproqqa oshadi. SpaceX kosmosda ishlashga moʻljallangan uchta Raptor Vacuum dvigatelini qoʻshishni rejalashtirmoqda. Yangi avlod dvigatellari, shuningdek, kattaroq tortish kuchini hosil qilishi kerak.

Taqqoslash uchun, Starship V3 kemasining uzunligi qariyb 52 metr. Super Heavy tezlatkichi bilan birga tizim balandligi 124 metrga yetadi. V4 ning bitta yuqori bosqichi balandligi ikki bosqichli Falcon 9 raketasi bilan taqqoslanadigan boʻladi.

Mask 2025 yil avgustida eʼlon qilgan yoʻl xaritasida V4 uchun toʻliq yigʻilgan holatdagi balandlik 142 metr, kemaning uzunligi esa 61 metr deb koʻrsatilgan edi. Oʻshanda birinchi parvoz 2027 yilga rejalashtirilgandi. Yangi xabarida Mask oʻlchamlar boʻyicha bahosini qayta koʻrib chiqdi, biroq debyut sanasiga aniqlik kiritmadi.

Bu bayonot Starshipning 15-sinov parvozidan keyin yangradi. Kema Starlink V3 sunʼiy yoʻldoshlarini orbitaga olib chiqdi, 14 noyabr kuni esa start minorasi orbitadan qaytgan yuqori bosqichni ilk bor tutib qoldi. Xuddi shu sinov davomida Super Heavy tezlatkichi suvga qoʻndirishga yoʻnaltirildi.