Linux koʻz oʻngida: Raven almashtiriladigan batareyali aqlli koʻzoynaklarni taqdim etdi
Prism 1 oʻz kompyuteri, nigoh orqali boshqarish va uchinchi tomon dasturlarini ishga tushirish imkoniyatiga ega. Koʻzoynaklar narxi 1499 dollar, hozir bron qilish mumkin boʻlgan partiya esa 2027 yil yoziga rejalashtirilgan

Raven Resonance startapi Linux asosidagi Raven OS operatsion tizimida ishlaydigan Prism 1 aqlli koʻzoynaklarini taqdim etdi. Qurilma ichki kompyuter bilan jihozlangan boʻlib, dasturiy va apparat qismlariga kirish imkoniga muhtoj ishlab chiquvchilar uchun ham moʻljallangan.
Koʻzoynak ichiga toʻrt yadroli ARM64 protsessori oʻrnatilgan, tezkor xotira hajmi 4 GB gacha, doimiy xotira esa 32 GB dan boshlanadi. Ishlab chiquvchilar SSH orqali ulanishi, oʻz ilovalarini yaratishi, kamera, mikrofonlar va sensorlar bilan ishlashi mumkin. Kompaniya Python dasturlash tilida ishlab chiqish vositalarini ham taklif etadi.
Rangli displey oʻng koʻz qarshisida, koʻrishning chekka qismiga surilgan holda joylashgan. Uning diagonal koʻrish maydoni 30°ni tashkil etadi, eʼlon qilingan yorqinligi esa 1500 nitdan oshadi. Bunday yechim koʻrish maydonining asosiy qismini ochiq qoldirgan holda maʼlumotni tez koʻrish uchun moʻljallangan.
Boshqaruvning asosiy usuli — nigoh. Tegishli modellarni qayta ishlash uchun alohida FPGA chipi koʻzda tutilgan. Shuningdek, klaviatura, sichqoncha va kontrollerlarni Bluetooth orqali ulash mumkin.
Prism 1 13 megapikselli kamera, toʻrtta mikrofon, ikkita dinamik va Wi-Fi bilan jihozlangan. Kamerani fizik toʻsiq bilan yopish mumkin, undan foydalanilganda esa gardishdagi yorugʻlik indikatorlari yonadi. Raven bayonotiga koʻra, nutqni tanib olish qurilmaning oʻzida amalga oshiriladi, maʼlumotlarni bulutga yuborish uchun esa foydalanuvchining roziligi talab etiladi.
Quvvatni Raven Wings modullari taʼminlaydi. Ularni koʻzoynakni oʻchirmagan holda almashtirish mumkin. Toʻplamga akkumulyator modullarining ikki jufti va zaryadlash futlyari kiradi. Wings ulanishi USBʼni ham qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa qoʻshimcha modullar ishlab chiqish imkonini beradi. Uyali aloqa, GPS va sigʻimi kattaroq batareyalar hozircha kelajakdagi imkoniyatlar sifatida koʻrsatilgan.
Prism 1 narxi 1499 dollarni tashkil etadi. Bron uchun qaytariladigan toʻlov 49 dollar. Kompaniya dastlabki yetkazib berishni 2027 yil yanvarida boshlashni rejalashtirmoqda, biroq hozir oddiy xaridorlar uchun bron qilish ochilgan toʻrtinchi partiya yozda kutilmoqda.
Dastlab yetkazib berish AQSh hududida amalga oshiriladi, keyinroq Raven Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishni vaʼda qilmoqda. −4,5 dan +4,5 gacha dioptriyali ichki linzalar qoʻllab-quvvatlanadi.



