Bulutli servislarning bepul tariflarida AI-chat-botni qanday yaratish mumkin
AI-muhandis Kartigan Vijay minimal boshlangʻich xarajatlar bilan Rune Score sport chat-botini yaratishda foydalangan vositalar toʻplamini tasvirlab berdi. Loyiha dasturlash vositalari, maʼlumotlar bazasi, internet qidiruvi, monitoring va ovoz sintezini birlashtiradi. Biroq bunday yechimdan bepul foydalanish imkoniyati yuklama hamda ayrim servislarning shartlariga bogʻliq.

Entrepreneur uchun yozgan mualliflik maqolasida ishlab chiquvchi chat-botning oddiy interfeysi ortida oʻzaro bogʻlangan bir nechta tizim yashiringanini tushuntiradi. Ular sportga oid dolzarb maʼlumotlarni olishi, turlicha shakllantirilgan savollarni tushunishi, muloqot tarixini saqlashi va til modellariga murojaat qilishdagi xatolarni qayta ishlashi kerak.
Loyihani bezash uchun muallif Figmaʼdan foydalangan, kodni esa GitHubʼga joylashtirgan. Repozitoriy turli vazifalarga ega ikkita AI-vosita uchun umumiy ish bazasi boʻlib xizmat qilgan: Claude Code ishlab chiqish bilan shugʻullangan, Codex esa oʻzgarishlarni tekshirgan va keyingi topshiriqlarni shakllantirishga yordam bergan.
Barcha takomillashtirishlar alohida kod tarmoqlarida (branches) bajarilgan. Ularni loyihaning asosiy versiyasiga qoʻshishdan oldin muallif oʻzgarishlarni mustaqil koʻrib chiqqan va ularni kiritish haqidagi soʻrovlarni maʼqullagan. Bunday tashkil etish AI yaratgan kod ustidan nazoratni saqlab qolish imkonini bergan.
Shu bilan birga, Claude Codeʼga tasvirlangan bepul kirish vaqtinchalik boʻlgan: muallif Claude Max obunachisidan kelgan mehmon taklifidan foydalangan. Uning soʻzlariga koʻra, bu taklif Pro darajasidagi kirishni bir hafta muddatga taqdim etgan. Shu sababli ushbu komponentni ishlab chiqish uchun doimiy bepul resurs deb boʻlmaydi.
Vijay chat-botning server qismi va interfeysini alohida test muhiti bilan birga Railwayʼga joylashtirgan. Maqolada u yangi foydalanuvchilar uchun beriladigan boshlangʻich kreditlarga ishora qiladi. Railwayʼning amaldagi hujjatlarida bir martalik $5 kredit beriladigan 30 kunlik sinov davri hamda resurslar uchun oyiga $1 limitga ega bepul tarif bir-biridan ajratilgan.
Railwayʼning doimiy bepul tarifida servislar ishlatilmay turganda uyqu holatiga oʻtadi, limit tugaganidan keyin esa keyingi hisob-kitob davrigacha yoki pullik tarifga oʻtilguncha toʻxtaydi. Bu undan rivojlanib borayotgan loyihani uzluksiz ishlatish imkoniyatini cheklaydi.
Muallif foydalanuvchilarni roʻyxatdan oʻtkazish va tizimga kiritishni Clerk orqali tashkil qilgan. U yozishmalar va ilova maʼlumotlarini Neonʼda — faoliyat boʻlmaganda hisoblash resurslari sarfini kamaytira oladigan bulutli PostgreSQL maʼlumotlar bazasida — saqlagan.
AI-agentlar ishini kuzatish uchun Langfuseʼdan foydalanilgan. U modellarga yuborilgan soʻrovlar, nosozliklar va qayta ishlash xarajatlarini kuzatishga yordam bergan. Maʼlumot qidirish Exa va Firecrawl oʻrtasida taqsimlangan: birinchi servis sahifalarni topgan, ikkinchisi esa keyingi tahlil uchun ularning mazmunini matnga aylantirgan.
Til modelini tanlashdan oldin ishlab chiquvchi Nvidia API katalogi orqali turli variantlarni taqdim etilgan tajriba kreditlaridan foydalangan holda sinab koʻrgan. Biroq maqolada tayyor chat-bot foydalanuvchilariga xizmat koʻrsatadigan model uchun toʻlovning toʻliq sxemasi ochib berilmagan. Shu sababli bepul sinovdan keyingi foydalanish xarajatlari yoʻqligi haqida xulosa qilib boʻlmaydi.
Ovozli javoblarni Azure AI Speech taʼminlagan. Muallif domenni Cloudflare orqali sotib olgan va u yerda DNS hamda himoya funksiyalarini ham sozlagan. Oʻz domenini roʻyxatdan oʻtkazish pulli boʻlib qoladi, garchi Cloudflare reyestr narxiga ustama qoʻymasligini bildirsa ham.
Tasvirlangan tajriba bepul kvotalar va sinov takliflarini birlashtirish gʻoyani yaratish hamda tekshirish xarajatlarini kamaytirishga qanday imkon berishini koʻrsatadi. Keyingi budjet foydalanuvchilar soni, modellarga yuboriladigan murojaatlar, saqlanadigan maʼlumotlar hajmi va servisning doimiy ishlashiga boʻlgan ehtiyojga bogʻliq.



