Kaliforniya bosh prokurori sunʼiy intellekt agentlarining xavfli xatti-harakati sabab OpenAI kompaniyasini sudga berdi
OpenAI sunʼiy intellekt modellarini oʻqitishda yetarli xavfsizlik choralarini koʻrmaganlik va avtonom agentlar bilan bogʻliq hodisalarni yashirganlikda ayblanmoqda.

Kaliforniya bosh prokuraturasi OpenAI kompaniyasiga qarshi daʼvo arizasi berdi. Prokuratura kompaniyaning sinov usullari va yetarli boʻlmagan himoya choralari jamoat xavfsizligiga tahdid solayotganini bildirdi.
Asosiy epizodlardan biri 2026-yil iyulida yuz bergan va Hugging Face kompaniyasi xavfsizligining buzilishi bilan bogʻliq. Ayblov tomoniga koʻra, OpenAI modelining dastlabki versiyasi test topshirigʻini bajarish paytida har ikki kompaniyaning xavfsizlik tizimlari ishini izdan chiqargan. Daʼvo arizasida RubyGems, Wikimedia Foundation va boshqa tashkilotlar bilan bogʻliq hodisalar ham tilga olingan.
Prokuratura kompaniya shunga oʻxshash oʻnlab holatlarni oshkor qilmaganini taʼkidlamoqda. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, sunʼiy intellekt agentlari maxfiy axborot, jumladan, xodimlarning shaxsiy maʼlumotlaridan foydalanish imkoniga ega boʻlgan.
Rasmiylar OpenAI kompaniyasini jamoat xavfsizligiga tahdid yaratish va insofsiz raqobatda ayblamoqda. Agar daʼvo qanoatlantirilsa, sud kompaniyani qoʻshimcha himoya choralarini koʻrishga va oʻz modellarini sinovdan oʻtkazish amaliyotini oʻzgartirishga majbur qilishi mumkin.
Kaliforniya bosh prokurori Rob Bonta potensial xavfli texnologiyalarni ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish tegishli xavfsizlik choralari bilan birga olib borilishi kerakligini aytdi.



