RUUZEN
Gadjetlar

Samsung Galaxy smartfonlariga Open Gate video yozuvi va ikki kamerali panoramali suratga olishni qoʻshishi mumkin

One UI 9.5 kodida Samsung Galaxy smartfonlarida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan kameraga oid ikki yangi funksiya alomatlari aniqlandi.

20-noyabr, 17:57По-русски

Read in English

gsmarena.com

Samsung kelajakdagi One UI 9.5 yangilanishlari bilan smartfon kameralarining imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. «Kamera» ilovasi kodida Open Gate video yozuvi va Dual Cam Panorama rejimi tilga olingan. Hozircha bu funksiyalar qachon paydo boʻlishi va qaysi qurilmalarda ishlashi nomaʼlum.

Open Gate texnologiyasi kamera sensorining butun yuzasidan foydalanadi va tasvirni 4:3 yoki 16:9 kabi standart formatlar bilan cheklamaydi. Bu videoni keyinchalik turli platformalar, masalan, YouTube va Instagram uchun kerakli shaklda qirqib olish imkonini beradi. Natijada ularning har biri uchun alohida rolik yaratishga hojat qolmaydi.

Topilgan kod satrlariga koʻra, funksiya kamera sozlamalarida alohida tugmaga ega boʻladi. Unda kadrlar tezligining oltita varianti koʻzda tutilgan: soniyasiga 24, 25, 30, 48, 50 va 60 kadr. Ilova yozuv aniqligini ham koʻrsatishi va tasvirni barqarorlashtirishni oʻchirib qoʻyishni, suratga olishda esa shtativ yoki gimbaldan foydalanishni tavsiya qilishi mumkin. Bundan tashqari, turli tomonlar nisbatiga mos qirqimni oldindan baholash imkonini beradigan yoʻnaltiruvchi chiziqlar paydo boʻladi.

Ikkinchi yangilik — Dual Cam Panorama — asosiy va old kameralar yordamida bir vaqtning oʻzida panoramali suratlar yaratish imkonini beradi. Natijada foydalanuvchi atrofdagi makonni, jumladan, oʻzining oldidagi tasvirni ham qamrab oladigan kengroq koʻrinishni olishi mumkin.

Suratga olish uchun smartfon qaysi qoʻlda ushlab turilganini tanlash va qurilmani portret yoʻnalishida aylantirish kerak boʻladi. Jarayon tugaganda kamera vibratsiya signali beradi. Telefon notoʻgʻri yoʻnalishda aylantirilsa, suratga olish bekor qilinadi, yetarlicha aylantirilmasa esa panoramaning faqat bir qismi saqlanadi.

Hozircha Samsung bu imkoniyatlar paydo boʻlishini rasman tasdiqlamadi. Open Gate yozuvi flagman qurilmalargagina xos boʻlib qolishi mumkin, Galaxyʼning budjet modellari uchun panoramali rejimdan foydalanish imkoniyati esa hozircha aniqlanmagan.