RUUZEN
Avto

Sovuq havoda elektromobillar yurish masofasi zaxirasini qanchalik yoʻqotadi?

Recurrent tadqiqotiga koʻra, 0 °C haroratda elektromobillar oʻrtacha yurish masofasi zaxirasining 78 foizini saqlab qoladi. Qishda safar qilganda, bu quvvatlash uchun qoʻshimcha toʻxtashlarni anglatishi mumkin.

26-noyabr, 11:38По-русски

Read in English

autoweek.com

Recurrent yangilangan tadqiqot uchun egalari avtomobillarining parametrlarini kuzatishga ruxsat bergan oʻn minglab elektromobillar haqidagi maʼlumotlardan foydalangan. Tahlilda harorat, avtomobilning yoshi va quvvatlash xususiyatlari hisobga olingan.

Alohida modellar orasida eng yaxshi natijani issiqlik nasosiga ega Tesla Model S koʻrsatdi: u 0 °C haroratda yurish masofasi zaxirasining 90 foizini saqlab qoladi. Teslaʼning beshta modeli oʻrtacha 85 foizni, Polestar 2 esa 88 foizni saqlab qoladi. Eng past koʻrsatkich Toyota bZ4Xʼda qayd etildi — 70 foiz.

Issiqlik nasosi 0 °C haroratda yurish masofasi zaxirasining qoʻshimcha 8 foizigacha saqlab qolishga yordam berishi mumkin. Biroq havo sovigan sari uning ustunligi kamayadi va -18 °C haroratda deyarli yoʻqoladi.

Recurrent kompaniyasining oʻsish va tadqiqotlar yoʻnalishi rahbari Endryu Garbersonning aytishicha, elektromobil egalarining aksariyati uchun yurish masofasining qisqarishi avtomobildan kundalik foydalanishni oʻzgartirmaydi: uyda quvvatlash imkoniyati boʻlsa, bu haftasiga atigi yana bir marta quvvatlashni anglatishi mumkin. Taʼsir qishda uzoq masofalarga safar qilganda yaqqolroq seziladi — haydovchilar qoʻshimcha qisqa toʻxtashlar uchun vaqt ajratishiga toʻgʻri keladi.