Fang Cheng Bao buklanadigan rulga ega eng katta Tai 9 SUV modelini taqdim etdi
BYD Fang Cheng Bao brendi Xitoyda olti oʻrinli flagman gibrid SUV — Tai 9 modelini chiqardi. Uchta versiyaning narxi taxminan 39 000 dollardan boshlanadi.

Tai 9 BYD DMS gibrid platformasidagi ilk model boʻlib, u DM-i, DM-p va DMO texnologiyalarini birlashtiradi. Avtomobil shahardagi safarlar, uzoq masofali sayohatlar va yengil yoʻlsizlik sharoitidagi harakatlanish uchun moʻljallangan.
Model 2+2+2 koʻrinishidagi salon va ikkita elektromotorli toʻliq yuritma tizimiga ega. Ularning 1,5 litrli turbomotor bilan birgalikdagi quvvati 400 kVtni tashkil etadi, 100 km/soat tezlikka chiqish esa 4,8 soniya oladi. Sigʻimi 66,48 kVt·soat boʻlgan batareya CLTC sikli boʻyicha elektr tortishda 400 km gacha yurish zaxirasini taʼminlaydi. WLTC sikli boʻyicha bu koʻrsatkich 310 kmni tashkil etadi.
Yuqori komplektatsiyada simlar orqali boshqariladigan tizimga ega buklanadigan rul oʻrnatilgan. U 180 darajaga buriladi va 10 soniyada yigʻilib, haydovchi oldidagi joyni boʻshatadi. Oddiy rejimda rul D-simon shaklini va jismoniy tugmalarini saqlab qoladi.
Barcha versiyalar lidar, Godʼs Eye B 5.0 haydovchiga yordam tizimi, DiSus-A kuzovni boshqarish tizimi va orqa gʻildiraklarni burish funksiyasi bilan jihozlangan. Treyd-in subsidiyasi hisobga olinganda boshlangʻich narx taxminan 39 000 dollargacha kamayadi. Qimmatroq ikki versiya mos ravishda qariyb 42 000 va 47 000 dollar turadi.



