Oʻzbekiston saytlarni simli internet orqali ochish tezligi oʻsishida Osiyoda yetakchi boʻldi
Oʻzbekistonda simli internet orqali ommabop saytlarni yuklash tezligi Osiyoda eng yuqori darajada oʻsdi — bir yil ichida 13 foizga.

Oʻzbekiston simli internet orqali saytlarni ochish tezligi dinamikasi boʻyicha Osiyo reytingida Afgʻoniston bilan birga birinchi oʻrinni egalladi. 2026-yil yanvar–oktabr oylarida har ikki mamlakatda bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga oshdi. Bunday maʼlumotlarni nPerf tahliliy platformasi keltiradi.
Reytingda Tojikiston 11 foizlik oʻsish bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Undan keyingi oʻrinlarda Tayvan (+5 foiz) va Shri-Lanka (+2 foiz) qayd etildi. Ozarbayjon, Malayziya, Indoneziya, Filippin va Qirgʻizistonda koʻrsatkich 1 foizga yaxshilandi.
Tadqiqot ommabop internet-resurslar, jumladan, yangiliklar saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va onlayn xizmatlarning yuklanish vaqtini oʻlchashga asoslangan. Yakuniy koʻrsatkich qanchalik yuqori boʻlsa, foydalanuvchilar veb-sahifalarga shunchalik tez kirishadi.
Reytingga jami 10 ta Osiyo mamlakati kiritilgan. Ularning barchasida ijobiy dinamika qayd etilgan. nPerf bahosiga koʻra, bu mintaqadagi internet infratuzilmasi sifati yaxshilanayotganidan dalolat beradi.



