Metalenzʼning yangi texnologiyasi smartfon kameralarini yaxshilab, rangli filtrlar oʻrnini bosishi mumkin
HoloCoder ishlanmasi 2,5 baravargacha koʻproq yorugʻlikni ushlash va ayni vaqtda tasvir chuqurligi haqidagi maʼlumotlarni olish imkonini beradi.

Amerikaning Metalenz kompaniyasi HoloCoder texnologiyasini ishlab chiqqan Isroil startapi PxE Holographic Imagingʻni sotib oldi. Yangi optik tizim 1974-yildan beri smartfon kameralarida qoʻllanib kelayotgan anʼanaviy Bayer rangli filtrlariga muqobil boʻlishi mumkin.
Oddiy filtr sensor tomon maʼlum rangdagi yorugʻlikni oʻtkazib, qolgan toʻlqinlarni yutadi. Shu sababli tushayotgan yorugʻlikning qariyb 60 foizi yoʻqoladi. HoloCoder esa boshqacha ishlaydi: mikroskopik tuzilma yorugʻlikni sindirib, uni bevosita sensor piksellariga yoʻnaltiradi. Ishlab chiquvchilarning taʼkidlashicha, buning natijasida kamera 2,5 baravargacha koʻproq yorugʻlikni qabul qilishi mumkin.
Texnologiya ayni vaqtda sahna chuqurligi haqidagi maʼlumotlarni ham toʻplashi mumkin. Hozirda smartfonlar obyektlargacha boʻlgan masofani aniqlash uchun qoʻshimcha kameralar, chuqurlik sensorlari yoki sunʼiy intellekt algoritmlaridan foydalanadi. Bu funksiyalarni bitta qatlamda birlashtirish qurilmalar tuzilishini soddalashtirish va hisoblash yuklamasini kamaytirish imkonini beradi.
Metalenz anʼanaviy koʻp qatlamli linzalarsiz yorugʻlikni boshqarish imkonini beradigan nanostrukturali optikaga ixtisoslashgan. Kompaniya allaqachon maishiy elektronika uchun bunday optik komponentlarning 300 mln dan ortigʻini yetkazib bergan.
HoloCoderʼning tijoriy qurilmalarda paydo boʻlishi 2027-yil oxiri yoki 2028-yil boshida kutilmoqda. Istiqbolda Metalenz ushbu ishlanmani oʻz texnologiyalari bilan birlashtirish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda. Bu bitta sensor yordamida rang haqidagi maʼlumotlar, chuqurlik maʼlumotlari va yorugʻlik qutblanishini olish imkonini berishi mumkin.



