Olimlar dron toʻplagan nafas orqali bukri kitlar genomini oʻqidi
Tadqiqotchilar kichik uchuvchisiz qurilmalar yordamida toʻplangan nafas tomchilaridan bukri kitlarning toʻliq genomiga oid maʼlumotlarni oldi. Bu usul hayvonlar DNKsini biopsiyasiz oʻrganish imkonini berdi va dengiz populyatsiyalari holatini kuzatish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

Tadqiqotni Shotlandiyadagi Sent-Endryus universiteti ishtirokidagi guruh olib bordi. Olimlar Kanadadagi Britaniya Kolumbiyasi sohillari yaqinida bukri kitlarni oʻrgandi. Natijalar 17 noyabr kuni Molecular Ecology Resources jurnalida eʼlon qilindi.
Material toʻplash uchun steril Petri kosachasi oʻrnatilgan DJI Mavic 2 Pro rusumli tijoriy kvadrokopterdan foydalanildi. Uchuvchisiz qurilma nafas buluti orqali yoʻnaltirildi va hayvon hujayralari hamda genetik materiali boʻlgan tomchilarni kosacha yuzasida qoldirdi. Bunday yondashuv odatda teri va teri osti yogʻidan kichik namunalar olish uchun ishlatiladigan sanchqi oʻqlaridan foydalanmaslik imkonini beradi.
Tadqiqotchilar jami 26 ta bukri kitdan 58 ta namuna toʻpladi. Bitta namuna bir kitning 1–6 marta nafas chiqarishidan olingan materialni oʻz ichiga olishi mumkin edi, oʻrtacha koʻrsatkich esa taxminan 2,6 ta nafas chiqarishni tashkil etdi. Namunalarning qariyb 38 foizini tadqiqot kemasisiz, dronni bevosita qirgʻoqdan uchirish orqali olishga muvaffaq boʻlishdi.
Namunalarda aniqlangan DNKning oʻrtacha 83,6 foizi kitlarning oʻziga tegishli boʻlgan. Bu ikkala ota-onadan meros boʻladigan yadro genomini hamda ona liniyasi orqali oʻtadigan mitoxondrial genomni sekvenslash uchun yetarli boʻldi.
Yadro genomini oʻqish chuqurligi oʻrtacha 2,3 martani, mitoxondrial genomniki esa 94 martani tashkil etdi. Bu koʻrsatkich DNKning har bir qismi oʻrtacha necha marta oʻqilganini bildiradi. Yadro genomlari nisbatan kichik chuqurlikda olingan boʻlsa-da, maʼlumotlar genetik xilma-xillik va populyatsiyalar oʻrtasidagi farqlarni oʻrganish uchun yetarli boʻldi.
Yondashuvning ishonchliligi takroriy namunalar yordamida tekshirildi. Bir xil hayvonlardan turli uchrashuvlar va turli yillarda olingan namunalar bir-biriga mos genetik profillarni berdi. Ikki kitning biopsiya namunalari bilan taqqoslash ham natijalarni tasdiqladi. Bundan tashqari, tahlil oʻrganilgan barcha hayvonlarning jinsini toʻgʻri aniqlash va mitoxondrial DNKning avval tavsiflanmagan uchta variantini topish imkonini berdi.
Material aralashib ketishi xavfini kamaytirish uchun guruhlarda shamol kelayotgan tomonda turgan kit tanlandi. Tadqiqotchilar qoʻshni hayvonlar DNKsining namunalarni sezilarli darajada ifloslantirganini aniqlamadi. Dam olayotgan kitlardan namunalar olinmadi, hayvon uchuvchisiz qurilmaga reaksiya bildirganida esa parvoz toʻxtatildi.
Olingan genomlar Tinch okeanining shimoliy qismidagi bukri kitlar bilan Atlantika populyatsiyalari oʻrtasidagi farqlarni koʻrsatdi. Shu bilan birga, oʻrganilgan Tinch okeani guruhida yaqinda yuz bergan yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi chatishtirishning yaqqol belgilari aniqlanmadi. Kelgusida guruh birga oziqlanadigan kitlarning qarindoshlik aloqalarini oʻrganishni va bunday guruhlar shakllanishida oilaviy hamda barqaror ijtimoiy munosabatlar qanday rol oʻynashini aniqlashni rejalashtirmoqda.
Namunalar tarkibidagi qolgan taxminan 16 foiz DNK qoʻshimcha maʼlumot berishi mumkin: uning katta qismi nafas yoʻllaridagi mikroorganizmlar bilan bogʻliq. Ushbu ishda ular batafsil oʻrganilmadi, biroq kelajakda bitta nafas namunasi hayvon genetikasi bilan birga uning nafas yoʻllari mikrobiomi haqida ham maʼlumot manbai boʻlishi mumkin.
Usulni kitlarning boshqa turlarida ham sinab koʻrish kerak. Uning samaradorligi hayvonlarning oʻlchami, xulq-atvori va nafas chiqarish xususiyatlariga bogʻliq boʻlishi mumkin. Ayrim genetik koʻrsatkichlarni aniqroq baholash uchun sekvenslash chuqurligini oshirish talab etiladi. Shunga qaramay, tadqiqot yovvoyi kitlarning terisini teshib kirmasdan toʻliq genomiga oid maʼlumotlarni olish mumkinligini allaqachon namoyish etdi.



