Tilta Oppo Find X10 Pro Max smartfonini videokameraga aylantirish uchun Khronos Creator Kit toʻplamini taqdim etdi
Toʻplam kamerani boshqarish funksiyasiga ega dastak, sovitish tizimi, filtrlar va qoʻshimcha moslamalarni oʻrnatish uchun biriktirgichlarni oʻz ichiga oladi.

Tilta kompaniyasi mobil videotasvirga olish uchun moʻljallangan Oppo Find X10 Pro Max smartfoniga aksessuarlar toʻplami — Khronos Creator Kitʼni taqdim etdi. Toʻplam modul qobiq, sozlanadigan dastak, shtativ-selfi tayoqchasi, LED paneli va qoʻshimcha uskunalarni oʻrnatish uchun adapterlarni oʻz ichiga oladi.
Toʻplamning asosiy elementi Bluetooth orqali ulanadigan, fokus va masshtabni sozlash regulyatorlari hamda yozuvni boshlash tugmasiga ega Focus PD Handle dastagidir. Uning sigʻimi 5000 mA·soat boʻlgan akkumulyatori smartfonni quvvatlay oladi.
Shuningdek, quvvati 22 Vt boʻlgan magnitli sovitish tizimi, sozlanadigan ND-filtr va qoʻshimcha teleobyektiv oʻrnatish uchun adapter ham mavjud.
Khronos Creator Kit Space Gray rangida taklif etiladi. Boshlangʻich narxi standart 570 dollar oʻrniga 512 dollarni tashkil etadi. Oldindan buyurtma qilingan toʻplamlar ikki-toʻrt hafta ichida yetkazib berilishi kutilmoqda.



