Redditʼni ochiq koʻrish davri yakuniga yaqinlashayotgan boʻlishi mumkin
Kompaniya toʻrtinchi chorakda AQShdan tashqaridagi ayrim bozorlarda avtorizatsiyasiz cheklangan kirish imkoniyatini sinovdan oʻtkazadi.

Reddit bosh direktori va hammuassisi Stiv Xaffman kompaniya yangi formatni sinab koʻrishi va roʻyxatdan oʻtmagan foydalanuvchilar uchun qaysi kontent ochiq qolishini baholashini maʼlum qildi. Toʻliq avtorizatsiya talab qilinadigan rejimga global oʻtish muddatlari hozircha belgilanmagan.
Tizimga kirmasdan havolalar orqali ochiladigan materiallar, qidiruv natijalari va bosh sahifaga kirish cheklanishi mumkin. Xaffman bu oʻzgarishlarni reklamani aniqroq yoʻnaltirish hamda postlarni uchinchi tomon xizmatlari tomonidan yigʻib olinishidan himoya qilish zarurati bilan bogʻladi. Operatsion direktor Jen Vong Reddit monetizatsiyasining 80 foizdan koʻprogʻi avtorizatsiyadan oʻtgan foydalanuvchilar va ilova auditoriyasiga toʻgʻri kelishini aytdi.
Uchinchi chorakda Reddit daromadi 53 foizga oshdi, dunyodagi noyob faol foydalanuvchilar soni esa 130,3 mln ga yetdi. Oktyabr oyida qidiruv trafigi haftasiga oʻrtacha 1 mln dan ortiq oʻtishga kamaydi; bu tendensiya saqlanib qolsa, kompaniya auditoriyasining sezilarli qismini yoʻqotishi mumkin. Hisobot eʼlon qilinganidan soʻng Reddit aksiyalari birjadan tashqari savdolarda 17 foizdan koʻproqqa pasaydi.


