Intel 18A-P texnologik jarayoni boʻyicha chiplar ishlab chiqarish uchun birinchi tashqi buyurtmachi bilan kelishuv imzoladi
Intel 18A texnologiyasi boʻyicha chiplar ishlab chiqarish uchun birinchi uchinchi tomon mijoz bilan kelishuv imzoladi, biroq uning nomini oshkor qilmadi. Buyurtmachi 18A-P ning takomillashtirilgan versiyasini tanlagan.

Kelishuv haqida Intel bosh direktori Lip-Bu Tan maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, 18A texnologiyasi boʻyicha ishlab chiqarish allaqachon boshlangan, biroq u mijoz nomini aytmadi. Intel texnik rahbari Pushkar Ranade buyurtmachi 18A-P versiyasini tanlaganini, ushbu versiya boʻyicha sinov ishlab chiqarishi iyun oyida boshlanganini aniqlik kiritib aytdi.
Avvalroq Intelʼning Apple bilan ehtimoliy kelishuvi haqida xabarlar paydo boʻlgan edi. Shuningdek, buyurtmachi Nvidia yoki yirik bulutli xizmat koʻrsatuvchi provayderlardan biri boʻlishi mumkinligi haqida taxminlar bildirilgan. Amazon, Microsoft va Google sunʼiy intellekt tezlatkichlarini TSMC quvvatlarida ishlab chiqarmoqda. U yerda buyurtmalar koʻpligi sababli ishlab chiqarish resurslari yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Intel muvaffaqiyatsizliklar va yaroqli kristallar chiqishi bilan bogʻliq muammolardan soʻng kontrakt asosidagi ishlab chiqarishni rivojlantirishga besh yildan beri urinmoqda. Hozirgacha bu boʻlinma asosan kompaniyaning oʻzi uchun chiplar ishlab chiqargan. Tanning prognoziga koʻra, server protsessorlarining jahon bozori yaqin besh yil ichida besh baravar oʻsib, 200 mlrd dollargacha yetadi, biroq Intel hozircha mijozlar talabini qondira olmayapti. Ilgʻor chiplarni qadoqlash sohasida esa kompaniyaning birinchi buyurtmachisi Microsoft boʻldi.



