RUUZEN
Avto

Jeep seriyali ishlab chiqarishga tayyorlanayotgan Scrambler SRTʼni taqdim etdi

Konsept avtomobil mustaqil old osma, 6,4 litrli V8 dvigatel, 37 dyuymli shinalar va yechib olinadigan orqa oʻrindiqlarga ega. Ularni orqaga 180 daraja burish yoki polga yigʻish mumkin.

3-noyabr, 13:26По-русски

Jeep Las-Vegasda oʻtkazilgan SEMA koʻrgazmasida ikki eshikli Wrangler Scrambler SRT Concept avtomobilini taqdim etdi. Avtomobil Wrangler negizida yaratilgan, biroq osma konstruksiyasi va oldingi oʻrindiqlar ortidagi makonning tashkil etilishi bilan undan sezilarli darajada farq qiladi.

Asosiy texnik oʻzgarish — Wrangler uchun anʼanaviy boʻlgan yaxlit koʻprik oʻrniga mustaqil old osmaning qoʻllangani. Uni off-road poygachisi Keysi Karri ishtirokida ishlab chiqishgan. Jeep bayonotiga koʻra, bunday konstruksiya notekis joylarda yuqori tezlikda harakatlanganda boshqaruv aniqligi, barqarorlik va gʻildiraklarning sirt bilan aloqasini yaxshilashi kerak.

Old osmaning yurish yoʻli qariyb 356 mm, orqa osmaniki esa 381 mm. Barcha gʻildiraklarga Fox amortizatorlari oʻrnatilgan, grunt bilan ilashishni esa 37 dyuymli BFGoodrich yoʻltanlamas shinalari taʼminlaydi. Disklar beadlocklar — bosim pasayganda shinaning diskdan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan mahkamlagichlar bilan jihozlangan.

Salonning orqa qismi noodatiy tarzda tashkil etilgan. Qoʻshimcha oʻrindiqlarni 180 darajaga burish, yechib olish yoki yigʻish mumkin, natijada tekis yuk platformasi hosil boʻladi. Stellantis kompaniyasining Amerika brendlari rahbari Tim Kuniskis The Drive nashriga tomning orqa qismini ham yechib olish mumkinligini aytdi. Bu avtomobilni ochiq pikapga oʻxshash transport vositasiga aylantiradi.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, kapot ostiga 6,4 litr hajmli atmosferali Hemi V8 dvigateli oʻrnatilgan. U 470 ot kuchi va taxminan 637 N·m aylanish momentini hosil qiladi. Tashqi koʻrinishni toʻq sariq kuzov hamda radiator panjarasi oʻziga xos qiyalikka ega boʻlgan old qism toʻldiradi.

Hozircha Jeep Scrambler SRTʼni konsept sifatida namoyish etmoqda. Shu bilan birga, Scramblerning oʻzi va uning SRT versiyasi Stellantis kompaniyasining mahsulot rejalarida allaqachon qayd etilgan. Seriyali avtomobilning chiqarilish muddatlari, narxi va yakuniy texnik xususiyatlari hozircha eʼlon qilinmagan.

Yana oʻqing