Samsung 2026 yilning uchinchi choragida buklama smartfonlar bozorining 69 foizini egalladi
Kompaniya oʻsishining asosiy drayveri Galaxy Z Fold8 modeli boʻldi — uning hissasiga Samsung yetkazib bergan qurilmalarning yarmidan koʻpi toʻgʻri kelgan.

Smart Analytics Global (SAG) maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning uchinchi choragida buklama smartfonlarning jahon boʻyicha yetkazib berilishi yillik hisobda 2 foizga qisqarib, 7,5 mln donani tashkil etdi. Shu bilan birga, Samsung bozorning 69 foizini egallab, yetakchiligini mustahkamladi. Bu kompaniyaning 2023 yildan beri qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkichi.
Ishlab chiqaruvchining muvaffaqiyatiga Galaxy Z Fold8 modeli yordam berdi. Insayder Ice Universe bahosiga koʻra, smartfon chiqarilganidan keyingi 55 kun ichida uning qariyb 2,85 mln donasi yetkazib berilgan. Huawei ulushining toʻrt foiz bandiga kamayganiga qaramay, ikkinchi oʻrinni saqlab qoldi. Motorola esa Razr 70 seriyasi savdosini kengaytirgani tufayli oʻz ulushini ikki foiz bandiga oshirdi.
SAG 2026 yil uchun prognozini pasayish tomon qayta koʻrib chiqdi. Bunga, jumladan, Apple kompaniyasining iPhone Duo ishlab chiqarishidagi qiyinchiliklar hamda Xitoyda talab kutilganidan sustroq boʻlgani sabab qilib koʻrsatildi. Biroq tahlilchilar 2027 yilda buklama qurilmalar bozori 55 foizga oʻsishini prognoz qilmoqda. Ularning bahosiga koʻra, ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgach, Apple ushbu segmentning qariyb 40 foizini egallashi, keng formatli buklama modellar esa sotuvlarning taxminan uchdan ikki qismini taʼminlashi mumkin.



