Xakerlar Cisco BroadWorksʼdagi kritik zaiflikdan foydalanishni boshladi
CISA aloqa operatorlari va bulutli kommunikatsiya xizmatlari provayderlari foydalanadigan Cisco BroadWorks platformasidagi zaiflikdan faol foydalanilayotgani haqida ogohlantirdi.

Muammoga CVE-2026-20320 identifikatori berilgan. U XML-soʻrovlarni notoʻgʻri qayta ishlash bilan bogʻliq. Bu zaiflik tajovuzkorlarga maxsus tuzilgan xabarlar yordamida avtorizatsiyasiz, masofadan turib himoyasiz tizimlarning konfiguratsiyasiga oid maxfiy maʼlumotlarni olish imkonini beradi.
Cisco tuzatishni hali avgust oyidayoq chiqargan, biroq hujumlar davom etmoqda. CISA zaiflikni maʼlum ekspluatatsiya qilinayotgan zaifliklar katalogiga (KEV) kiritdi va AQSh federal idoralariga muammoni 24-noyabrgacha bartaraf etishni majburiy qilib belgiladi. Boshqa tashkilotlarga ham yangilanishlarni ustuvor tartibda oʻrnatish tavsiya etildi.
Malbear Labs maʼlumotlariga koʻra, xitoy tilida soʻzlashuvchi tajovuzkorlardan biri zaiflikdan buzib kirilgan DeepSeek Flash sunʼiy intellekt modeli bilan birgalikda foydalangan. Nishonlar qatorida Yevropadagi telekommunikatsiya operatori hamda uning maʼlumotlar markazlari va bulutli infratuzilmasidan foydalangan 13 ta tashkilot boʻlgan.
Hujum davomida tajovuzkor BroadWorks serverlarining yopiq kalitlari va SSL hisob maʼlumotlariga kirish huquqini qoʻlga kiritgan. Xususan, platforma komponentlarini autentifikatsiya qilishda ishlatiladigan tizim identifikatsiyasi kaliti chiqarib olingan. Uning buzilishi tajovuzkorlarga tizim ichidagi oʻzaro aloqalar vaqtida XSP serveri sifatida koʻrinish imkonini beradi.
CISA statistik maʼlumotlariga koʻra, 2021-yil noyabridan beri agentlikning faol foydalanilayotgan zaifliklar katalogiga Cisco mahsulotlari bilan bogʻliq 103 ta xavfsizlik muammosi kiritilgan. Ulardan yettitasi tovlamachi dasturlar operatorlari tomonidan ham ishlatilgan.



