Singulyarlik davriga xush kelibsiz
Stripe, OpenAI va Anthropic rahbarlari insoniyat SI oʻzgarishlarni odamlar moslashishga ulguradiganidan tezroq jadallashtiradigan «singulyarlik» davriga kirganini aytdi.

Singulyarlik — SI texnologik taraqqiyotni inson imkoniyatlaridan tezroq jadallashtiradigan faraziy bosqich. Atamaning yagona taʼrifi yoʻq, ammo SI taʼsiri biznes, fan, dasturlash va kiberxavfsizlikda allaqachon sezilmoqda.
Stripe biznes faolligi oshganini bildirdi: Atlas orqali kompaniya roʻyxatidan oʻtishlar ikki baravardan koʻproqqa, toʻlov xizmatidagi yangi roʻyxatdan oʻtishlar esa yilma-yil 50 foizga oshdi. Nasdaq Economic Institute maʼlumotiga koʻra, bir kishilik kompaniyalar soni 20 foizga koʻpaydi. Tadqiqotchilar buni bitta tadbirkorga xodim yollamasdan koʻproq vazifa bajarish imkonini beruvchi SI agentlari bilan bogʻlaydi.
SI dastur ishlab chiqishni ham tezlashtirmoqda: eng qobiliyatli agentlar 17 soatgacha mustaqil ishlashi mumkin. Anthropic kuniga 30 000 ta kod yangilanishi boʻlganini, yarim yildan kamroq avval esa 2 500 ta boʻlganini bildirdi. Odamlar bunday hajmni tahlil qilishga ulgurmayotgani uchun ayrim SI tizimlari boshqalarining ishini tekshirmoqda. Ekspertlar nazoratni yoʻqotish xavfidan ogohlantiradi: SI mutaxassislar oʻtkazib yuborgan zaifliklarni topmoqda, yetakchi ishlab chiquvchilar esa modellarning rekursiv oʻz-oʻzini takomillashtirishiga erishmoqda. Ayrimlar bu jarayonni xavfli desa, boshqalar unda insonlar hozircha hal qila olmaydigan vazifalarni yechish usulini koʻrmoqda.



