Muxlis birinchi Fallout uchun 32 bitli ranglarga oʻtish bilan HD-remaster tayyorlamoqda
Entuziast Falloutʼning norasmiy remasterini ishlab chiqmoqda. U original RPG grafikasini yaxshilaydi, biroq uning klassik geympleyini saqlab qoladi.

Mod yaratuvchisi Falloutʼning HD-remasteri uchun ilk treylerni taqdim etdi. U 1997-yilda chiqqan oʻyinning mexanikalarini oʻzgartirmagan holda vizual qismini yangilashni rejalashtirmoqda. Asosiy yaxshilanish 256 ta rang bilan cheklangan 8 bitli palitradan 32 bitli ranglarga oʻtish boʻladi. Bu tasvirlarda yanada boy tuslardan foydalanish imkonini beradi.
Ishlab chiquvchi lokatsiyalar xaritalarini ham qayta ishlashni, yangi obyektlar va atrof-muhit elementlarini qoʻshishni rejalashtirmoqda, shu bilan birga originalning qorongʻi muhitini saqlab qoladi. Qoʻshimcha effektlar qatorida yuzalarga vizual relyef berish imkonini yaratadigan bump-mapping ham koʻzda tutilgan. Remaster kuchsiz kompyuterlarda ham ishlashi uchun bu sozlamalarni oʻchirib qoʻyish mumkin boʻladi.
Geympley oʻzgarmaydi: oʻyinda geksagonal toʻrga asoslangan navbatma-navbat jangovar tizim saqlanib qoladi. Loyiha Fallout CE bazasida yaratilmoqda. Fallout CE — original Falloutʼni zamonaviy tizimlarda ishga tushirish uchun moʻljallangan, ochiq boshlangʻich kodli dvigatelning muxlislar tomonidan yaratilgan versiyasi.
Remaster hozircha ishlab chiqilmoqda. Mod yaratuvchisi chiqish muddatlarini eʼlon qilmagan, taqdim etilgan funksiyalar esa oʻzgarishi mumkin.



