Xpeng avtomobillarni loyihalashda allaqachon AIʼdan foydalanmoqda
Xpeng avtomobillar eksteryeri va interyerini ishlab chiqishda AIʼdan allaqachon foydalanmoqda. Kompaniya oʻz vositalarini yaratadi, natijalarni esa fizik modellar yordamida tekshiradi.

Xpeng kompaniyasining dizayn boʻyicha kreativ direktori Rafiq Ferragning aytishicha, AI kompaniyaga eksteryer, interyer, radiator panjaralari va yoritish tizimlarini ishlab chiqishda allaqachon yordam bermoqda. U Guanchjoudagi brend studiyasini boshqaradi; studiya Shanxaydagi boʻlinma bilan birga dizaynning dastlabki variantlarini tayyorlaydi va loyihalar uchun raqobatlashadi.
Xpeng oʻz generatorlari va boshqa AI vositalariga ega ichki platformani rivojlantirmoqda. Ferragning soʻzlariga koʻra, bu yondashuv ishni tezlashtirishi va hali taqdim etilmagan avtomobillar haqidagi maʼlumotlar maxfiyligini saqlashi kerak. Kompaniya AIʼdan maʼlumotlarni tahlil qilish, boshqa mahsulotlar bilan taqqoslash va mijozlar fikrlarini oʻrganishda ham foydalanadi.
Ferragning fikricha, kelajakda dizaynerlar bir nechta AI agentlarini boshqara oladi. Bu agentlar mutaxassis nazorati ostida gʻoyalar taklif qilib, alohida vazifalarni bajaradi. Mutaxassis esa har bir vosita uchun erkinlik darajasini belgilay oladi.
Fikr-mulohazalarning dizaynga taʼsiriga yangi L03 SUV misol boʻla oladi. Dastlab interyer avtomobilning sportcha eksteryeriga mos ravishda tajovuzkorroq ishlangan, biroq mijozlar fikri jamoani yumshoqroq, qulayroq va xotirjamlik beruvchi konsepsiyaga olib keldi. Natijada yumaloq yuzalar hamda old panel, markaziy konsol va eshik qoplamalari oʻrtasida silliq oʻtishlar paydo boʻldi.
L03 interyeri uchun Guanchjou studiyasi, eksteryeri uchun esa Shanxay studiyasi javobgar boʻlgan. Ferrag modelning aynan qaysi elementlari AI yordamida yaratilgan boʻlishi mumkinligini aniqlashtirmadi. Yangi L03 SUV dekabrda Avstraliyaga yetkazib berila boshlaydi; sotuv boshida u yerda toʻrtta versiyaning barchasi mavjud boʻladi.
Raqamli vositalardan dizaynni yaratish va takomillashtirishda tobora koʻproq foydalanilmoqda, fizik maketlar va 3D bosib chiqarish esa tayyor yechimlarni tekshirishga xizmat qiladi. Mijozlar avtomobillarni turli bosqichlarda — eskizlardan tortib loydan yasalgan va toʻliq oʻlchamdagi modellargacha — baholashi mumkin.



