8BitDo Nintendo GameCube uslubidagi simsiz kontrollerni taqdim etdi
Yangi GC Bluetooth Gamepad driftdan himoyalangan stiklar bilan jihozlangan va Nintendo Switch, kompyuterlar hamda original GameCubeʼni qoʻllab-quvvatlaydi.

8BitDo Nintendo GameCubeʼning original gamepadi asosida yaratilgan GC Bluetooth Gamepad simsiz kontrollerini taqdim etdi. Yangi qurilma tugmalarning oʻziga xos joylashuvi, stiklar shakli va yelka triggerlarini saqlab qolgan, biroq klassik dizayn zamonaviy texnologiyalar bilan toʻldirilgan.
Kontroller drifti yuzaga kelishiga chidamli TMR stiklari va Hall datchiklariga ega chiziqli triggerlar bilan jihozlangan. Har bir stikning tagida original qurilmadagi kabi sakkiz qirrali cheklagichlar mavjud. Bunday tuzilma Super Smash Bros. Ultimate kabi jangovar oʻyinlar uchun ayniqsa qulay.
GC Bluetooth Gamepad barcha versiyadagi Nintendo Switch konsollariga Bluetooth orqali, shuningdek, Windows tizimidagi kompyuterlar va portativ konsollarga ulanishni qoʻllab-quvvatlaydi. Toʻplamga kamroq kechikish bilan ulanish uchun 2,4 GHz chastotada ishlaydigan simsiz USB qabul qilgich ham kiradi. Bundan tashqari, USB-C orqali simli ulanish imkoniyati mavjud.
Oldindan buyurtmalar $49,99 narxda ochildi. Kontroller toʻq sariq va binafsha ranglarda mavjud, yetkazib berish esa 10 dekabrdan boshlanishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, Nintendo ishlab chiqargan GameCube kontrollerining simsiz versiyasi $69,99 turadi.
Bundan tashqari, 8BitDo original GameCube kontrollerini zamonaviy qurilmalarga moslashtirish imkonini beruvchi yangilash toʻplamini $25,98 narxda taklif qilmoqda.



