RUUZEN
Avto

Elektromobil egalari elektr transportiga oʻtishga toʻsqinlik qilayotgan asosiy afsonalarni aytdi

Qariyb 30 ming nafar haydovchi ishtirokidagi soʻrov akkumulyatorlar, yongʻinlar va elektr tarmoqlarining ortiqcha yuklanishi haqidagi xavotirlar keng tarqalgan yanglish qarashlar boʻlib qolayotganini koʻrsatdi.

19-noyabr, 12:42По-русски

Read in English

autoplus.fr

Global EV Driver Survey 2026 tadqiqotiga koʻra, soʻrovda qatnashgan elektromobil egalarining 74 foizi afsonalarni elektr transportining ommalashuviga toʻsqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri deb hisoblaydi. Bu omil avtomobillarning yuqori narxi (49%) va turar joy majmualarida quvvatlash stansiyalari yetishmasligidan (47%) muhimroq deb topilgan.

Tadqiqotda 34 mamlakatdan 29 547 nafar haydovchi qatnashdi. Respondentlar eng keng tarqalgan yanglish qarash sifatida akkumulyatorlarning xizmat muddati haqidagi xavotirlarni koʻrsatdi — bu fikrni ishtirokchilarning 72 foizi bildirgan. Yana 58 foiz elektromobillar ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga qaraganda koʻproq yonib ketadi, degan qarashni qayd etgan, 45 foiz esa elektr transportiga ommaviy oʻtish natijasida elektr tarmoqlari ortiqcha yuklanishidan xavotir bildirgan.

Shu bilan birga, elektromobil egalarining 65 foizi oʻz avtomobili akkumulyatorining xizmat muddatidan xavotirda emas. Qoʻshimcha maʼlumotlarni Ford taqdim etdi: 36 mingta Mustang Mach-E elektr krossoveri boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqot 2021-model yilidagi avtomobillar 5,2 yillik foydalanish va qariyb 88,5 ming kilometr yurishdan soʻng akkumulyatorning dastlabki foydali sigʻimining oʻrtacha 92 foizini saqlab qolganini koʻrsatdi.

Ayni paytda tadqiqot ishtirokchilari elektromobillar hamon qimmatligicha qolayotganini, uy sharoitida quvvatlash imkoniyatining yoʻqligi esa qoʻshimcha qiyinchiliklar tugʻdirayotganini tan oladi. Mualliflar soʻrov amaldagi elektromobil egalarining fikrini aks ettirishini, xaridorlarning elektromobil sotib olishdan voz kechish sabablarini bevosita koʻrsatmasligini taʼkidlaydi.