Workdayʼdagi keng koʻlamli nosozlik millionlab xodimlarni HR xizmatlaridan foydalana olmaydigan holga keltirdi
Texnik nosozlik sabab foydalanuvchilar ish vaqtini qayd eta, ish haqi maʼlumotlarini tekshira va taʼtil rasmiylashtira olmadi.

13-noyabr oqshomida Workday HR platformasida xodimlarning korporativ akkauntlariga kirishiga taʼsir qilgan keng koʻlamli nosozlik yuz berdi. Foydalanuvchilar ish haqi maʼlumotlarini tekshirish, taʼtil rasmiylashtirish va ijtimoiy imtiyozlar olish uchun ariza topshirishda muammolarga duch keldi.
Kompaniya test jarayonida xato aniqlangach, tizimlarning bir qismini texnik xizmat koʻrsatish rejimiga oʻtkazdi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, muammo axborotdagi nomuvofiqliklarga olib kelgan, shuningdek, akkauntlarga kirish va turli amallarni bajarishda nosozliklarni keltirib chiqargan boʻlishi mumkin.
Downdetectorʼda shikoyatlar soni AQSh Sharqiy vaqti bilan taxminan soat 17:19 da keskin oshdi, biroq keyinroq kamayishni boshladi. Ayni paytda nosozlik platformaning barcha mijozlariga taʼsir qilgan-qilmagani nomaʼlum.
Workdayʼdan butun dunyo boʻylab qariyb 11 500 ta tashkilot foydalanadi. Ular orasida Walmart, Target, Netflix, Nasdaq, Charles Schwab, AQSh Energetika vazirligi va NASAning Reaktiv harakatlanish laboratoriyasi bor. Kompaniya uzilishlar uchun uzr soʻradi va muammoni bartaraf etishning maqbul yoʻlini izlayotganini maʼlum qildi.



