Sony PlayStation eksklyuzivlarini qaytarmoqda va kompyuter platformasini qoʻllab-quvvatlashni qisqartirmoqda
Sony oʻz oʻyinlarini chiqarish yondashuvini oʻzgartirishga tayyorlanayotganga oʻxshaydi. Kompaniyaning rasmiy saytida Ghost of Yotei va Until Dawn 2 sahifalarida PlayStation Exclusive belgilari yana paydo boʻldi.

Soʻnggi yillarda yapon oʻyinlar nashriyoti konsol hitlarini faol ravishda kompyuter uchun moslashtirib, ularni PlayStationʼdagi relizdan maʼlum vaqt oʻtib Steamʼda chiqardi. Biroq insayderlar maʼlumotiga koʻra, kompaniya ichida avvalgi modelga qaytish masalasi bir yildan ortiq vaqt davomida muhokama qilinmoqda. Buning sabablaridan biri sifatida Sony kutgan moliyaviy natijalarni oqlamagan kompyuter portlarining savdosi tilga olinmoqda.
Shu bilan birga, kompaniya kompyuter yoʻnalishini butunlay yopmoqchi emas. Kutilishicha, koʻp oʻyinchili oʻyinlar va servis loyihalari bir vaqtning oʻzida bir nechta platformada chiqishda davom etadi. Bunga Marvel Tokon: Fighting Souls misol qilib keltirilmoqda.
PlayStation eksklyuzivlarini faolroq targʻib qilish navbatdagi yirik bir kishilik oʻyinlar toʻlqini chiqishi bilan boshlanishi mumkin. Kutilayotgan oʻyinlar qatorida God of War: Laufey hamda ilmiy-fantastik ekshen Intergalactic: The Heretic Prophet tilga olinmoqda.
Avvalgi strategiyaga qaytish hozircha rasman tasdiqlanmagan, Sony saytida belgilar paydo boʻlgani esa ehtimoliy oʻzgarishlarning shunchaki signallaridan biri boʻlishi mumkin.



