One UI 9.5’da Samsungning rasmiy roʻyxatiga kirmagan 2548 ta oʻzgarish topildi
One UI 9.5’ning ilk beta-versiyasi tahlilida 2795 ta oʻzgarish aniqlandi; Ice Universe maʼlumotiga koʻra, shundan 2548 tasi Samsungning rasmiy roʻyxatiga kiritilmagan.

One UI 9.5’ning ilk beta-versiyasida Samsungning rasmiy yangiliklar roʻyxatida aks etmagan oʻzgarishlar aniqlandi. Tahlil Galaxy S26+ koreys proshivkasini One UIʼning avvalgi versiyasi va joriy beta-versiya bilan taqqoslash orqali oʻtkazildi.
Jami son nafaqat foydalanuvchilar uchun funksiyalarni, balki tizim kodi, drayverlar, Android komponentlari, tarmoq mexanizmlari va xavfsizlik vositalaridagi yangilanishlarni ham oʻz ichiga oladi. Ice Universe ushbu majmuadan eng koʻzga tashlanadigan 80 ta oʻzgarishni ajratib koʻrsatdi. Ular orasida ilovalarni ichki bloklash, Samsung DeXʼda koʻp vazifalilikning qoʻshimcha imkoniyatlari, professional suratga olish uchun yangi sozlamalar, shuningdek Galaxy AI va Samsung Health yaxshilanishlari bor. Bundan tashqari, tezkor xotirani boshqarish, protsessor rejalashtirgichi, tarmoq funksiyalari va maʼlumotlarni himoyalashdagi oʻzgarishlar aniqlandi.
Hozircha yangilanish smartfonlarni sezilarli darajada tezlashtiradi, deb aytib boʻlmaydi: tizimdagi oʻzgarishlarning oʻzi buning kafolati emas. Ayrim funksiyalar model yoki mintaqaga bogʻliq boʻlishi va yakuniy relizga kirmasligi mumkin. One UI 9.5 hali ham ilk beta-versiya bosqichida, shu sababli yangilanish tarkibi oʻzgarishi mumkin.



