RUUZEN
Kino va striming

YouTube kontent xarajatlari boʻyicha anʼanaviy studiyalarni ortda qoldirdi — KPMG tadqiqoti

Eng yirik koʻngilochar platformalarning kontentga sarflagan xarajatlari 207 milliard dollarga yetdi, biroq kino va televideniyening ulushi asta-sekin qisqarmoqda.

12-noyabr, 17:07По-русски

Read in English

Koʻngilochar industriyada budjetlar taqsimoti oʻzgarmoqda: sport translyatsiyalari va mustaqil ijodkorlar materiallariga tobora koʻproq sarmoya yoʻnaltirilmoqda, anʼanaviy media kompaniyalarining filmlar va seriallarga sarflaydigan xarajatlari esa deyarli oshmayapti. Bu haqda KPMG konsalting kompaniyasining yillik tadqiqotida aytiladi.

Tahlilchilarning baholashicha, 2025 yilda eng yirik platformalarning kontentga jami xarajatlari 207 milliard dollardan oshib, 2021 yildagi 156 milliard dollarga nisbatan koʻpaygan. Hisob-kitoblarga filmlar va teledasturlarni ishlab chiqarish hamda litsenziyalash xarajatlari, sport huquqlari, mualliflarga toʻlovlar va musiqiy kontent uchun sarflar kiritilgan.

Kontentga eng koʻp sarmoya kiritgan kompaniya YouTube boʻlib, uning yillik xarajatlari qariyb 28 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, mustaqil ijodkorlar materiallariga ajratilgan budjet 46 milliard dollarga yetib, 2021 yilga nisbatan 75 foizga oshdi. Sport kontentining ulushi 59 foizga oʻsib, jami xarajatlarning 29 foizini tashkil etdi.

Shu fonda filmlar, televizion dasturlar va striming kontentining ulushi 2021 yildagi 71 foizdan 2025 yilda 64 foizgacha kamaydi. Investitsiyalarni faol oshirayotgan kompaniyalar qatorida KPMG YouTube, Amazon va Metani alohida qayd etadi. Disney, Paramount va Comcast kabi anʼanaviy oʻyinchilarning xarajatlari esa deyarli oʻzgarmayapti.

Oʻzgarishlarga qaramay, filmlar va seriallar Gollivudning asosi boʻlib qolmoqda, biroq ular umumiy koʻngilochar bozorning tobora kichikroq qismini egallamoqda.