Sunʼiy intellekt mavjud boʻlmagan yoʻl harakati qoidasi bandini oʻylab topishi mumkin: neyrotarmoq yordamida imtihonga qanday tayyorlanish kerak
Runet tahliliy nashrining bosh muharriri Vladimir Zykov sunʼiy intellekt xato qilishi, turli mamlakatlar qoidalarini aralashtirib yuborishi va yoʻl harakati qoidalarida mavjud boʻlmagan bandlarga murojaat qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Zykovning fikricha, yoʻl harakati qoidalari boʻyicha imtihonga tayyorlanishda neyrotarmoqqa toʻliq tayanib boʻlmaydi. Sunʼiy intellekt notoʻgʻri javobni ishonarli tarzda tushuntirib berishi mumkin. Natijada oʻquvchi xatoni yodlab olib, uni amaldagi qoida deb qabul qiladi.
Buning sabablaridan biri — turli mamlakatlardagi yoʻl harakati qoidalarining oʻxshashligi bilan birga, ular oʻrtasida muhim farqlar ham borligidir. AQShning ayrim shtatlarida toʻliq toʻxtagandan keyin qizil chiroqda oʻngga burilishga, agar bunday manyovr alohida taqiqlanmagan boʻlsa, ruxsat beriladi. Oʻzbekistonda esa ruxsat beruvchi signal boʻlmasa, bunday burilish taqiqlangan. Xorijiy materiallar asosida oʻqitilgan neyrotarmoqdan faqat Rossiya yoʻl harakati qoidalaridan foydalanish soʻralgan taqdirda ham, u turli davlatlar meʼyorlarini adashtirib yuborishi mumkin.
Bundan tashqari, qoidalar vaqti-vaqti bilan yangilanadi, sunʼiy intellekt esa eskirgan maʼlumotlarga tayanib qolishi mumkin. Neyrotarmoq qoidalarda mavjud boʻlmagan bandni ham oʻylab topishi, amaldagi meʼyorni xato qilib bayon qilishi yoki mavjud boʻlmagan bandning aniq raqamini aytishi mumkin. Bu javob goʻyoki rasmiy hujjat bilan tasdiqlangandek taassurot uygʻotadi.
Tayyorgarlik koʻrish uchun ekspert amaldagi imtihon biletlaridan foydalanishni tavsiya qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, neyrotarmoq qoʻshimcha vosita boʻlishi mumkin: undan murakkab savolni oddiy soʻzlar bilan tushuntirishni, vaziyatni tahlil qilishni yoki misollar keltirishni soʻrash mumkin.



