Zararli botlar internet-doʻkonlarga hujum qilmoqda: trafikning 55,6 foizi e-commerce sohasiga toʻgʻri kelgan
2026 yilning III choragida internet-doʻkonlarga yuborilgan zararli bot-soʻrovlarining ulushi 55,6 foizgacha oshdi, noyabr oyidagi chegirmalar boshlanishida esa ularning faolligi yana 20 foizga koʻpaydi.

Noyabr oyidagi chegirmalar mavsumi boshlanishida Curator zararli botlar faolligi 20 foizga oshganini qayd etdi. Curator.Antibot statistikasi boʻyicha, 2026 yil III choragida elektron tijorat avtomatlashtirilgan hujumlarning asosiy nishoniga aylandi: bloklangan soʻrovlarning 55,6 foizi internet-doʻkonlarga toʻgʻri kelgan, bir chorak avval esa bu koʻrsatkich 43,67 foiz edi. Ikkinchi oʻrinda media-resurslar (15,3 foiz), uchinchi oʻrinda esa onlayn stavka xizmatlari (8,9 foiz) boʻlgan.
DDoS hujumlaridan farqli oʻlaroq, zararli botlar saytlarni ishdan chiqarishga har doim ham urinmaydi. Ular narxlar va tovarlarning mavjudligi haqidagi maʼlumotlarni toʻplashi, kataloglarni nusxalashi, parollarni topishga urinishi va internet-doʻkonlar funksiyalaridan suiisteʼmol qilishi mumkin. Bunda ular xaridorlarga sezilmay qoladi.
III chorakdagi eng uzoq davom etgan hujum qariyb 6,5 kun davom etdi va elektron tijorat sohasidagi kompaniyaga qaratildi. Shu vaqt ichida Curator qariyb 60 mln zararli soʻrovni blokladi.
Iyul-sentabr oylarida tizim har oy oʻrtacha 1,8 mlrd soʻrovni blokladi. API-botlar ulushi 45,6 foizni, himoyani chetlab oʻta oladigan murakkabroq avtomatlashtirilgan tizimlar ulushi esa 0,5 foizni tashkil etdi. Ular doʻkonlarning APIʼlariga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilishi, qoldiqlarni tekshirishi, buyurtmalarni avtomatlashtirishi va tanqis tovarlarni ommaviy ravishda sotib olishi mumkin.
Curator chegirmalarga tayyorgarlik koʻrishda infratuzilmaga tushadigan yuklama va DDoS hujumlarinigina emas, balki tijoriy xizmatlar faoliyatini buzishi mumkin boʻlgan avtomatlashtirilgan soʻrovlarni ham hisobga olishni tavsiya qiladi.



