«The Witcher 4» ishlab chiquvchilari oʻyin GTA 6 miqyosidagi katta sakrash boʻlishini vaʼda qilmoqda
Oʻyinni 2028 yilda chiqarish rejalashtirilgan

CD Projekt Red hamraisi Mixal Novakovskiy kompaniya The Witcher 3 va The Witcher 4 oʻrtasida ancha katta sakrash boʻlishini kutayotganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, oʻyinlar chiqishi orasida 11 yil oʻtgan. Novakovskiyga koʻra, yangi qism grafika va deyarli barcha boshqa jihatlarda sezilarli darajada yaxshilanishi kerak.
Novakovskiy jamoa GTA 6’ni oʻrganganini va uning seriyadagi oldingi qismdan qanchalik farq qilishini koʻrganini aytdi. Shu bilan birga, CD Projekt Redʼning The Witcher 4 va Cyberpunk 2 boʻyicha ambitsiyalari oʻzgarmagan. Rahbarning soʻzlariga koʻra, Rockstar Games oʻyinlari koʻproq ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi hamda ishlab chiquvchilarga qanday natijalarga erishish mumkinligini koʻrsatadi.
Kompaniya boʻlajak oʻyinlarni ishlab chiqishda budjetni asosiy omil deb hisoblamaydi. Mish-mishlarga koʻra, GTA 6 budjeti 1 milliard dollardan oshadi. Novakovskiy xarajatlar muhimligini tan oldi, biroq budjetlar cheksiz boʻlishi mumkin emasligini taʼkidladi.
U, shuningdek, doimiy oʻyinchilar auditoriyasidan tashqariga chiqish va keng ommaviy bozorga erishish uchun tanilganlik hamda keng auditoriya bilan ishlash muhimligini aytdi. Shu bilan birga, CD Projekt Red Rockstar Games yondashuvini koʻchirmoqchi emas. The Witcher 4 2028 yilda kutilmoqda, Cyberpunk 2’ning chiqish muddati esa hozircha eʼlon qilinmagan.



