Google Fitbit aqlli soatlarida uchinchi tomon ilovalarini qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatadi
28-noyabrdan boshlab ayrim Fitbit soatlari egalari uchinchi tomon ilovalari va siferblatlarini oʻrnata hamda yangilay olmaydi.

Bu oʻzgarish Versa, Versa 2, Versa 3, Versa 4, Sense va Sense 2 modellariga taalluqli. Avval oʻrnatilgan uchinchi tomon ilovalari va siferblatlari ishlashda davom etadi, biroq 28-noyabrdan keyin yangi ilovalar yoki siferblatlarni yuklab olish, mavjud ilovalar yoki siferblatlarni yangilashning iloji boʻlmaydi.
Google, shuningdek, oʻchirib tashlangan ilovalarni qayta oʻrnatib boʻlmasligidan ogohlantirmoqda. Soatni zavod sozlamalariga qaytarish ham xuddi shunday oqibatga olib keladi: shundan keyin uchinchi tomon ilovalari va siferblatlarini qayta tiklashning iloji boʻlmaydi.
Shunga oʻxshash cheklovlar dasturchilar uchun ham joriy etiladi. Belgilangan sanadan boshlab ular Fitbit App Gallery orqali yangi loyihalarni yuklash va mavjudlarini yangilash imkoniyatidan mahrum boʻladi. Shu bilan birga, doʻkon Fitbit va Googleʼning oʻzi yaratgan ilovalar hamda siferblatlarni taklif qilishda davom etadi.
Bu qaror Googleʼning Pixel Watch aqlli soatlarida ishlatiladigan Wear OS foydasiga oʻzining Fitbit OS platformasini rivojlantirishdan bosqichma-bosqich voz kechayotgani bilan bogʻliq. Shu fonda uchinchi tomon ilovalari qoʻllab-quvvatlashidan ham mahrum boʻladigan Versa 4 va Sense 2 modellarining keyingi sotilishi savollar tugʻdirmoqda.



