ChatGPT Googleʼga yetib olyaptimi? OpenAI qidiruv soʻrovlari raqibnikining 20 foiziga yetganini aytdi
Kompaniya ChatGPTʼdagi qidiruvga oid savollar hajmi Googleʼga yuboriladigan soʻrovlar sonining taxminan 20 foiziga yetganini maʼlum qildi. Dastlabki maʼlumotlar va taqqoslashning batafsil metodikasi eʼlon qilinmagan.

ChatGPTʼdagi qidiruv soʻrovlari hajmi Googleʼga yuboriladigan soʻrovlar sonining taxminan beshdan bir qismini tashkil etadi. Bunday bahoni ChatGPT isteʼmolchi mahsulotlari yoʻnalishi rahbari Adam Fry Big Technology jurnalisti Aleks Kantrovits bilan suhbatda keltirdi.
Suhbat 2 noyabr kuni OpenAIʼning Nyu-Yorkdagi tadbirida boʻlib oʻtdi. Fry foydalanuvchilar odamlar, joylar va boshqa obyektlar haqidagi dolzarb maʼlumotlarni olish, shuningdek, javob berish uchun internetdan qidirish talab etiladigan savollar bilan ChatGPTʼga tobora koʻproq murojaat qilayotganini tushuntirdi.
Keltirilgan izohga koʻra, veb-qidiruvni ishga tushiradigan savol alohida soʻrov hisoblanadi. Shu sababli davomli bitta muloqotda bunday murojaatlarning bir nechtasi boʻlishi mumkin.
Biroq bu koʻrsatkich ChatGPT jahon qidiruv bozorining 20 foizini egallaganini yoki Google auditoriyasining beshdan bir qismini oʻziga jalb qilganini anglatmaydi. Kompaniya ikki xizmatdagi soʻrovlar hajmini taqqoslamoqda. Bu bahoning mustaqil tekshiruvi va hisoblashning batafsil metodikasi taqdim etilmagan.
Fry, shuningdek, soʻnggi ikki oy ichida ChatGPTʼning haftalik auditoriyasi 1 mlrd foydalanuvchidan 1,2 mlrd foydalanuvchigacha oshganini maʼlum qildi. OpenAI maʼlumotlariga koʻra, diktovka va suhbat rejimini oʻz ichiga olgan ovozli funksiyalardan haftasiga 250 mln kishi foydalanadi.
Bundan tashqari, kompaniya vakili foydalanuvchilar ChatGPTʼda har hafta qariyb 1,5 mlrd ta tasvir yaratayotganini aytdi. Bu koʻrsatkichlarning barchasini OpenAIʼning oʻzi keltirgan.



