RUUZEN
IT

GTA 6 materiallarini sizdirgan xaker sudda aybini tan oldi

Oʻyinning arxiv kadrlari va Rockstar Gamesʼning manba kodi 2022-yildagi xakerlik hujumidan soʻng ochiq foydalanish uchun paydo boʻldi.

17-noyabr, 13:43По-русски

Read in English

2022-yilda Rockstar Games tizimlarini buzib, Grand Theft Auto 6’ning dastlabki materiallarini eʼlon qilgan Arion Kurtay bir necha ayblov boʻyicha aybini tan oldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Xakerlik hujumi 21 yoshli Kurtay boshqa kiberhujumlar, jumladan, NVIDIAʼga qarshi hujumlar boʻyicha garovda boʻlgan paytda sodir etilgan. U mehmonxona xonasidagi televizorga ulangan Amazon Fire TV Stickʼdan foydalanib, Rockstarʼning ichki tizimlariga kirgan. Xaker GTA 6’ning tugallanmagan versiyasiga oid, umumiy davomiyligi qariyb bir soat boʻlgan oʻnlab videolarni oʻgʻirlashga muvaffaq boʻlgan. Tovlamachilikka urinish muvaffaqiyatsiz tugagach, u oʻyin kadrlarini va manba kodining bir qismini eʼlon qilgan.

2023-yilda Kurtay tibbiy sabablarga koʻra sudda qatnashishga layoqatsiz deb topilgan, biroq keyinchalik uning holati qayta baholangan va yanvar oyida u ixtisoslashtirilgan muassasadan oddiy qamoqxonaga koʻchirilgan. Dushanba kuni Londondagi Vulvich Qirollik sudida u Rockstar tizimlarini buzganini, shuningdek, oʻsmirlik paytida Lapsus$ guruhiga aʼzo boʻlgan holda sodir etgan boshqa kiberjinoyatlarini, jumladan, Uberʼga qilingan hujumni ham tan oldi. Unga hukm keyinroq chiqariladi.

Rockstar maʼlumotlariga koʻra, xakerlik hujumi oqibatlarini bartaraf etish kompaniyaga 5 mln dollar va minglab ish soatlariga tushgan. Sizdirilgan materiallar, shuningdek, GTA 6’dagi asosiy qahramonlardan biri ayol — Lusiya boʻlishini ilk bor oshkor qilgan.

Xavfsizlik choralarining kuchaytirilishiga, jumladan, ishlab chiquvchilarning masofadan ishlashini taqiqlashga qaramay, yangi sizdirishlar davom etgan. Yozda internetda navbatdagi oʻyin videolari paydo boʻlgan, oktabrda esa ulardan biri syujet tafsilotlarini oshkor qilgan. GTA 6’ning chiqishi 2026-yil 19-noyabrga rejalashtirilgan.